Adliya vazirligi tomonidan “Konstitutsiya koʻchasi” tashkil etildi

    Joriy yil 5-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining Sayilgoh koʻchasida “Konstitutsiya koʻchasi” tashkil etildi.

    Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi. Taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert, koʻngilochar madaniy va boshqa tadbirlar boʻlib oʻtdi. Sovrinli viktorinalar oʻtkazildi, sayyor qabullar tashkil etildi.

    Tadbir davomida bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi koʻrgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.

    Shuningdek, talabalarning musiqiy chiqishlari, fleshmob, harbiylarning jang sanʼatini aks ettirgan chiqishlari va aholi oʻrtasida oʻtkazilgan huquqiy viktorinalar, huquqiy maʼruzalar, soʻz va kulgi ustalarining chiqishlari sabab tadbirlar yanada jonli va maroqli oʻtkazildi.

    Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyidan boshlab “Konstitutsiya koʻchasi”gacha Adliya marshi ham tashkil etildi.

    “Konstitutsiya koʻchasi”da adliya vaziri tadbir ishtirokchilarini Konstitutsiyamizning 32-yilligi bilan tabrikladi. Tabrik davomida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni tanlovi gʻoliblari hamda Konstitutsiyada belgilangan qoidalarni tushuntiradigan eng yaxshi post va maqola tayyorlagan ijodkorlar taqdirlandi. Shu bilan birga, “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochilari” taqdirlandi.

    Konstitutsiya bayramiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalq saylida fuqarolar uchun sayyor qabullar, bepul huquqiy maslahatlar berildi. Huquqiy viktorinalar oʻtkazildi. Huquqiy adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

    Adliya vazirligi matbuot xizmati.