Taklif etilayotgan Qonun loyihasi yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qoʻyish masalalari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yaxlit qonun sifatida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartibining takomillashishi, nizoli vaziyatlarni oldini olinishi va ushbu sohada paydo boʻlishi mumkin boʻlgan nizolar samarali hal etilishiga xizmat qiladi.
Nima uchun alohida qonunga ehtiyoj tugʻildi?
Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish, shuningdek, olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan obyektlarni buzib tashlash koʻplab davlatlarda dolzarb muammo hisoblanadi va ushbu masalalarning lozim darajada huquqiy tartibga solinmasligi aksariyat hollarda aholi orasida noroziliklarga sabab boʻladi.
Mamlakatimizda Hukumat qarori darajasida tasdiqlanib, 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan “Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga oid bir qator masalalarni tartibga soldi.
Biroq, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish borasida qonun darajasida hal etilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar saqlanib turibdi. Zero, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishining aniq tartib-taomillari va mexanizmi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida ham aniq belgilanmagan.
Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish sohasidagi xorijiy tajribada, bu kabi oʻta muhim ijtimoiy-huquqiy munosabatlar aynan qonun darajasida tartibga solingan.
Masalan, shunday qonunlar Yaponiya (“Ekspropriatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun), Koreya Respublikasi (“Yer uchun kompensatsiya berish toʻgʻrisida”gi Qonun), Shvetsiya (“Ekspropriatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun), Finlyandiya (“Ekspropriatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun), Estoniya (“Koʻchmas mulkni ekspropriatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun) va bir qator boshqa davlatlarda qabul qilingan.
Jamoat ehtiyojlari nima ekanligi aniq belgilab olinishi kerak
Ushbu qonun loyihasida faqat “jamoat ehtiyojlari” iborasi qoʻllanilmoqda va mamlakatimiz huquq tizimida oʻrnashib qolgan “davlat va jamoat ehtiyojlari” tushunchasidan voz kechilmoqda.
Jamoat ehtiyojlari tushunchasi nima ekanligi aniq va tugal belgilab qoʻyilmas ekan uni turlicha talqin qilish, xususiy ehtiyojlarni yoki tijorat ehtiyojlarni jamoat ehtiyoji sifatida talqin qilishga urinishlar boʻlib turadi.
Shu bois qonun loyihasida yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi mumkin boʻlgan aniq holatlarning tugal roʻyxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechildi.
Eng muhimi “investitsiya loyihalarini amalga oshirish” yer uchastkasini olib qoʻyish uchun asos boʻla olmasligi nazarda tutilmoqda va investor yer uchastkasini olib qoʻyish tashabbusi bilan chiqa olmasligi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, yer uchastkasini osonlikcha olib qoʻyib boʻlmaydi
Qonun loyihasi birgina yer uchastkalarini olib qoʻyish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6 ta bosqichdagi jarayonlardan oʻtishiga toʻgʻri keladi, shu jumladan mulkdorlar bilan ochiq muhokama oʻtkazish kabi majburiy shartlarni bajarishi lozim boʻladi.
Faqatgina shundan soʻng mahalliy kengashlar tomonidan yer uchastkasini olib qoʻyish tashabbusi jamoat ehtiyojlariga xizmat qiladi deb topilsa, mulkdorlar bilan muzokaraga kirishadi va ularning har birining roziligini olmaguncha hamda kompensatsiyalar toʻliq berilib, koʻchmas mulklar boʻshatib qoʻilmaguncha hech kim uni buzish, yaʼni “snos” haqida gapira olmaydi.
Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli boʻlgan mulkni erkin tasarruf etishiga toʻsqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikatsiya vositalaridan uzib qoʻyish, koʻchmas mulk obyektiga kirish va chiqish yoʻllarini toʻsib qoʻyish, munosib hayot kechirishiga toʻsqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jarayon misli koʻrilmagan shaffoflik standartlari asosida yuz beradi
Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda mazkur yoʻnalishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida, Qonun loyihasida yer uchastkasini kompensatsiya evaziga olib qoʻyish tashabbusining ochiq muhokamasini oʻtkazishga oid quyidagi misli koʻrilmagan standatlar belgilangan:
- tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama oʻtkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio- va video qayd qilinishi taʼminlanishi;
- ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida oʻtkazilishi va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan taʼminlanishi shartligi;
- ochiq muhokamani oʻtkazish joyi koʻpchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin boʻlishi kerakligi;
- ochiq muhokamada huquq egalarining uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama oʻtkazilgan hisoblanishi;
- tashabbuskor huquq egalariga ochiq muhokamada onlayn qatnashish imkoniyatini yaratishi shartligi.
Qolaversa, mahalliy Kengashlarning yer uchastkasini olib qoʻyish haqidagi masalani koʻrib chiqish boʻyicha majlislari toʻliq shaffof tarzda OAV va mulkdorlarning bevosita ishtirokida oʻtkaziladi. Qabul qilingan qarorlarning barchasi ochiq eʼlon qilinadi.
Kompensatsiya berishning aniq qoidalari oʻrnatilmoqda
Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda quyidagi masalalar aniq yechimini topadi:
- kompensatsiya berilishining aniq qoidalari oʻrnatiladi;
- kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari belgilanadi;
- bitta mahalla yoki koʻchada yashovchi huquq egalari va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida, huquq egalarining xohishiga koʻra bitta mahalla yoki koʻchada joylashgan yangi uylar (bitta koʻp qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi nazarda tutiladi;
- kompensatsiya oʻz vaqtida va toʻliq berilishining doimiy monitoringi Koʻchmas mulk obyektlari Davlat reyestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi koʻzda tutiladi.
Koʻchmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni hokimlar emas mahalliy kengashlar qabul qiladi
Qonun loyihasi bilan koʻchmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni qabul qilish tartibi oʻzgaryapti, unga koʻra bu kabi qaror hokimlar tomonidan emas Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
Kompensatsiya berilganidan soʻng koʻchmas mulk obyektini olti oy mobaynida boʻshatib qoʻyishga imkoniyat beriladi.
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektini buzib tashlash toʻgʻrisidagi qaror loyihalari adliya organlari tomonidan koʻrib chiqilib, ijobiy xulosa berilganidan keyin qabul qilinishi mumkin boʻladi.
***
Taklif etilayotgan Qonun loyihasi mazkur masalalarga oid boʻlgan muammolarni bartaraf etish va vujudga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni samarali hal qilishga yoʻnaltirilgan.
Shu munosabat bilan, jamoatchilikni, jurnalist va blogerlarni, mutaxassislarni mazkur qonun loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz!
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi