Adliya vazirligida Germaniyaning sobiq adliya vaziri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Oktabr 2021 816

    Adliya vazirligida Germaniyaning ikkita federal vazirligini boshqargan ekspert B. Sipris bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Joriy yil 25-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari A. Karimov Germaniyaning sobiq federal adliya vaziri hamda iqtisodiyot va energetika vaziri B. Sirpis bilan uchrashdi.

    Adliya vaziri oʻrinbosari B. Sirpisni vazirlikning faoliyat yoʻnalishlari, xususan huquq ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvi tizimi yanada takomillashtirish, huquqiy targʻibotni amalga oshirish, huquqni qoʻllash amaliyotini bir xilda taʼminlash sohalarida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib oʻtdi.

    Shuningdek, mamlakatimizdagi huquq ustuvorligini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishga qaratilgan soʻnggi islohotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xorijiy tomon eʼtiboriga yetkazildi.

    Oʻz oʻrnida, B. Sirpis mamlakatimizda soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlarning koʻlami va samaradorligini yuqori baholadi.

    Tadbir davomida ikki tomonlama oʻzaro hamkorlik aloqalarini, shu jumladan, yuridik xizmatlarni raqamlashtirish jarayonlarini yanada kengaytirishda Germaniya tajribasini oʻrganish, yuridik soha mutaxassislarining malakasini oshirishga qaratilgan treninglar tashkil etish, davlat tashkilotlari mutaxassislarining tartibga solish taʼsirini baholash tizimini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.