Adliya vazirligining “Ishonch telefoni”ni bilasizmi?

    Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Ishonch telefoni” bilan bog‘liq holat bo‘yicha tushuntirish berdi.

    Adliya vazirligining “Ishonch telefoni” (“Call-center”) 1008 qisqa raqami hisoblanib, bu to‘g‘risida vazirlikning rasmiy sayti va boshqa axborot vositalarida ko‘rsatib o‘tilgan.

    Vazirlikning mazkur “Ishonch telefoni” orqali qo‘ng‘iroqlar bayram kunlaridan tashqari dushanba kunidan juma kunigacha (juma kuni ham) soat 09.00 dan 13.00 gacha va 14.00 dan 18.00 gacha qabul qilinadi.

    Bundan tashqari, vazirlikning davlat xizmatlari sohasidagi masalalar bo‘yicha 1148 qisqa raqamli aloqa-axborot markazi orqali maslahatlar berilib, murojaatlar qabul qilinib kelinmoqda.

    “Kun.uz” tahririyati tomonidan “Ishonch telefon”larga bog‘lanish uchun 2022 yil 23 avgustda vazirlikning 1008 yoki 1148 qisqa raqamli telefon raqamlariga emas, balki 0371-207-04-43 raqamiga qo‘ng‘iroq qilingan.

    Mazkur telefon raqami (0371 207-04-43) vazirlikning “Ishonch telefoni” hisoblanmaydi. Ushbu raqam umumiy bo‘lim xodimlarining ishchi raqami bo‘lib, u orqali vazirlikka yuborilgan xat va hujjatlarning elektron hujjatlar almashish tizimdagi ijrosi va vazirlik faoliyatiga oid umumiy masalalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.

    Ma’lumot uchun qayd etish lozimki, 2022 yilning 23 avgust kuni yuqoridagi ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiluvchilar tomonidan o‘rtacha ulanish uchun kutish vaqti ikki daqiqani tashkil qilgan.

    Bunda shu kuni:

      • 1008 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” orqali jami 229 ta qo‘ng‘iroqlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 176 nafar murojaatchilarga huquqiy maslahatlar berilgan va 53 nafar murojaat etuvchilarning murojaatlari o‘rganish talab etilganligi sababli ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilgan;
      • 1148 qisqa raqamli aloqa-axborot markazi orqali jami 454 ta qo‘ng‘iroqlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 448 nafar murojaatchilarga huquqiy maslahatlar berilgan va 6 nafar murojaat etuvchilarning murojaatlari o‘rganish talab etilganligi sababli ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilgan.