“Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” tadbirlari yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda

    O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

    Kuni kecha boshlangan tadbirlarning birinchi kunida yoshlar adliya idoralariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishgan bo‘lsa, bugun Nukus shahridagi Monomarkazda “Adliya sayli” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi.

    Sayilga fuqarolar, adliyaga biriktirilgan yoshlar, Nukus shahrida joylashgan barcha oliy o‘quv yurtlari, texnikumlar, maktablar, Ichki ishlar akademiyasi, “Temurbeklar maktabi”dan jami 2000 ga yaqin kishi tashrif buyurdi.

    Tadbirda advokatlar, notariuslar, sud tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirok etgani ayni muddao bo‘ldi. Fuqarolar o‘zlarini o‘ylantirgan turli muammolar bo‘yicha mutaxassislarga, mas’ullarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi.

    “Salomatlik uchun besh ming qadam” loyihasida barcha faol ishtirok etdi. Shundan keyin sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, madaniyat xodimlarning konsert dasturi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, “Hunarmandlar” uyushmasi ko‘rgazmasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari, harbiy chiqishlar namoyish etilib, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.

    Sayil davomida Mudofaa boshqarmasi xodimlarining konsert dasturi, sportchi-yoshlar tomonidan karate, gimnastika va dzyudo bo‘yicha chiqishlari namoyish etildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekpertizasi hududiy bo‘limi va Ichki ishlar vazirligiga tegishli xizmat buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

    Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor tartibda 20 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. O.Aytimbetov va Sh.Qidirbayevalarning turmush qurib, 8 oydan beri birga yashab kelayotgani, ammo nikohi qayd etilmagani muammosi shu yerning o‘zida hal etildi. FHDYO bo‘limi tomonidan ularga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, ayrimlarga farzandlarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar topshirildi.

    E’tiborlisi, sayyor qabulda aholi tomonidan 40 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 12 tasi shu yerning o‘zida hal qilindi va 28 tasi nazoratga olindi.

    Tizimda xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yanada kengroq tushuntirish maqsadida mahallalarda yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda “Ayollarga imtiyozlar” mavzusida suhbatlar tashkil qilindi.

    Shuni alohida ta’kidlash kerakki, adliya tizimida yoshlar bilan ishlash masalasi har doim muhim o‘rinda turadi. Adliya vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bugun 500 nafarni tashkil qilmoqda. Ular bilan manzilli ishlash maqsadida 2 ming 355 nafar adliya xodimi biriktirilgan. 339 ming 402 nafar yoshlar bilan uchrashilib, anketalar va “yo‘l xarita”lar shakllantirilgan. Ushbu uchrashuvlar davomida yoshlarning 33 mingdan ziyod muammolari aniqlanib, shundan 60 foizi ijobiy hal qilindi.

    “Adliya sayli” yana ham qizg‘in tus olishi maqsadida intellektual o‘yinlar ham o‘tkazildi. G‘oliblarga vazirlik tomonidan diplom hamda sovg‘alar topshirildi.

    Bunday tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.