Prezidentning “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq:
- “Adolat” huquqiy axborot markazi“ davlat muassasasi, ”Inson va qonun“ gazetasi tahririyati” DUK hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali“ tahririyatini birlashtirish yoʻli bilan ularning negizida vazirlik qoshida davlat muassasasi shaklidagi ”Adolat" milliy huquqiy axborot markazi (keyingi oʻrinlarda - Markaz) tashkil etilgan;
- Markaz aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targʻibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy eʼlon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi;
- “Inson va qonun” gazetasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatlari amaldagi xizmat koʻrsatish sohalarini saqlab qolgan holda faoliyat yuritadi va oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi, ushbu mablagʻlarning yetishmagan qismi esa Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Markazning asosiy vazifalari:
- Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini yuritish;
- normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining hamda zarur boʻlgan taqdirda, tegishli axborot-tahliliy materiallarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha barcha davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborilishini taʼminlash;
- Milliy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha manzilli va predmetli huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarning norma va qoidalarini aholiga tushuntirish boʻyicha namunaviy hujjatlar toʻplamini tayyorlash;
- aholining huquq va majburiyatlarini tushuntirishga yoʻnaltirilgan zarur targʻibot materiallarini tayyorlash va tarqatish, shuningdek dolzarb va aholini qiziqtirgan savollar boʻyicha;
- normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng yoritish boʻyicha tezkor axborot-tahliliy media materiallarni, shu jumladan, audio- va videoroliklar, ijtimoiy reklamalar, mahalliy hisobotlarni tayyorlash;
- rasmiy nashrlar - “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar toʻplami”ning, davriy nashrlar - “Inson va qonun” gazetasi, “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnalining hamda boshqa nashrlar - yuridik adabiyotlar, jumladan yuridik darsliklar, sharhlar va turli qoʻllanmalarni tayyorlash va chop etilishini taʼminlash;
- yuridik va jismoniy shaxslarning, xorijiy mamlakatlar tashkilotlarining buyurtmasiga koʻra shartnoma asosida Oʻzbekiston, xorijiy mamlakatlar qonunchiligi toʻgʻrisida axborot taqdim etish;
- faoliyat turi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish, sotish hamda xizmatlar koʻrsatish;
- NNH loyihalari hamda boshqa huquqiy va boshqaruv hujjatlari namunalarini tayyorlash, shuningdek ijtimoiy-huquqiy axborotlarni keng yoritishga qaratilgan media materiallarni tayyorlash boʻyicha shartnoma asosida konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
- metodik yordam koʻrsatish va davlat boshqaruvi organlari, mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirish.
Qaror bilan:
- “Adolat” markazining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 65 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi;
- 2020-2021-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Adliya vazirligiga bir oy muddatda Markazning ustavi, shtatlar jadvali va boshqa hujjatlarni tasdiqlash, 2022-yil 1-martga qadar esa Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30.10.2020-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova