Taʼkidlanishicha, Alisher Qodirovning nutqida taajjubga soladigan nuqtalar bor ekan.

"Birinchi raddiya – “...faoliyat koʻrsatayotgan jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarni birlashtirish...”

Xoʻsh, hurmatli “Milliy tiklanish” DP lideri, “Adolat” SDPning 2019-yilgi saylovoldi dasturining “Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish – pirovard maqsadimiz” bobida yozilgan: “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunni takomillashtirish orqali fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman, shahar va viloyat sudlari negizida umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil qilishni, ularga “xalq sudlari” maqomini berishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash gʻoyasini ilgari surgan va hozirda viloyat miqyosida har toʻrttala sudning birlashtirilgani, ayni paytda, sudlarni tumanlar kesimida birlashtirish jarayoni ketayotganini bilarmikin?

Ikkinchi raddiya – janob Alisher Keldiyevich oʻz saylovoldi dasturida “...jazoni ijro etish muaassalari Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga oʻtkaziladi” deya iddao qildi. Holbuki, “Adolat” SDPning 2019-yil saylovoldi dasturida bu masalani ustuvor vazifalardan biri sifatida oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan va bu borada “MT”dan koʻmak olish niyatida emas.

Uchinchi raddiya – ajabki, hurmatli A.Qodirov yana oʻsha oʻzining saylovoldi dasturida “...mustaqil tergov qoʻmitasi tashkil etiladi” demoqdalar, baralla. Vaholanki, “Adolat” SDPning amaldagi saylovoldi dasturida “Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish – pirovard maqsadimiz” bobida “...dastlabki tergov ustida nazoratni kuchaytirish maqsadida, mamlakatda yagona tergov organi – Tergov qoʻmitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz” deb yozib qoʻyilgan, deyiladi bayonotda.