Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga binoan ochiq, oshkora va shaffof oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan xalqaro media-xollda “Adolat” SDPning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar xususida brifing boʻlib oʻtdi. Unda partiyaning markaziy saylov shtabi aʼzolari, hududiy shtablardan vakillar, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Saylov kampaniyasi davrida “Adolat” SDP aholining siyosiy va huquqiy savodxonligini yanada oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilishga yanada faolroq kirishdi.
Saylov kampaniyasi davrida saylovoldi targʻibotini samarali olib borish uchun partiya tomonidan barcha yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
“Yosh adolatchilar” va “Ayollar qanoti” Respublika va hududiy Kengashlari tomonidan yoshlar va xotin-qizlarning saylovlarda faol ishtirokini taʼminlash maqsadida “Mening birinchi ovozim”, “Saylov va yoshlar”, “Saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi davri”, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar”, “Saylovda mening ovozim muhim”, “Kelajagim uchun ovoz beraman”, “Saylov qonunchiligi targʻiboti yuzasidan xotin-qizlar oʻquvlariga start” mavzularida 350 dan ortiq saylovoldi targʻibot-tashviqot tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda yuz mingga yaqin yoshlar va xotin-qizlar qamrab olinishiga erishildi.
24-oktyabr Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga oʻtkaziladigan saylovda partiya faoliyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish maqsadida media-reja tuzildi. Hududlarning geografik holatidan kelib chiqib aholining turmush tarzini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar tayyorlanib OAVda yoritildi.
Keng jamoatchilik bilan “qayta aloqa” mexanizmini oʻrnatish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Partiya telegram kanalida aholi bilan aloqa qilish maqsadida “Muhokamalar boʻlimi” ochildi. Joriy yilning 30-iyul kuni partiya Prezidentlik saylovida yangicha ruh, yangicha ramz bilan kirib borish maqsadida yangi koʻrinishdagi logotipini tasdiqladi.
Har bir hududda “Adolat” SDPning hududlardagi ishonchli vakillari ishtirokida jami 274 ta uchrashuvlar tashkil etilib, ushbu uchrashuvlarda 200 ming nafardan ortiq saylovchilar qamrab olindi.
Saylov kampaniyasi davrida partiya tomonidan televideniyeda 700 dan ortiq, radiokanallarda 450 dan koʻproq, bosma OAVda 200 dan koʻproq, veb saytlarda 500 marotaba va ijtimoiy tarmoqlarda 4000 dan ortiq chiqishlar boʻldi.
Tegishli gazetalarda partiyamizdan koʻrsatilgan nomzodning tarjimayi holi hamda saylovoldi dasturi eʼlon qilindi. Nomzod muallifligidagi maqolalar ham gazetalar sahifalaridan salmoqli joy egalladi.
Brifingda partiyaning saylovga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirgan ishlari boʻyicha savollarga javob berildi.