Ana shunday murakkab sharoitlarda ham o‘z irodasi, bilimga chanqoqligi va adolatga bo‘lgan sadoqati bilan tarixda o‘chmas iz qoldirgan siymolardan biri — Xadicha Sulaymonovadir. U nafaqat o‘zbek huquqshunoslik ilmida, balki jamiyatda ayolning o‘rni va salohiyatini namoyon etgan buyuk shaxs sifatida e’tirof etiladi. Xadicha Sulaymonovaning hayoti va faoliyati ilmga fidoyilik, kasbga halollik hamda inson huquqlariga hurmat kabi yuksak qadriyatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bugungi avlod uchun ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Akademik Xadicha Sulaymonova 1913-yil 3-iyul Andijon shahrida tavvalud topgan. Aynan Oktabr inqilobi arafasida otasidan erta yetim qolgan Xadichaning ilm olishda qiyinchiliklarga duch kelagan davri endi boshlanadi. Biroq, shunga qaramay, o‘z qiziqishlari ortidan ketganligi va bir necha tillarni o‘rganishi Xadichaning hayotida huquqshunoslik sahifasini ochib beradi. Har bir insonning muvaffaqiyatga erishishi ortida kimdir bo’lganidek, Xadicha Sulaymonovaning bosib o’tgan yo‘llarida onasi – Otinchi ayaning xizmatlari beqiyos edi. Turmush o‘rtog‘idan erta ayrilganida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymay farzandlarining kamoli uchun ham harakat qilardi.
Xadicha Sulaymonova 1931-yil rus-tezum maktabini tamomlab, Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tadqiqot kursida bir yil puxta tayyorlandi va Toshkentda ochilgan Jahon Obidova nomidagi Sovet qurilishi va huquqi instituti huquq fakultetining 2-bosqich talabasiga aylanadi. Talabalik yillari professor ustozlar kamligi sababli doim izlanishda bo‘ladi. Va nihoyat, 1935-yilning sentabr oyida instititni tamomlab 22 bahorni qarshilagan yosh qizga xalq sudyasi maqomi berildi. U o‘z ishiga mehr berib fidoiylik ko‘rsatganligi uchun o‘sha yilning o‘zida Respublika Oliy sud a’zoligiga saylandi. 1938-yilda esa Moskva yuridik institutining sovet jinoyat huquqi kafedrasi aspiranturasiga o‘qishga kiradi. 1945-yil 20-iyulda "O‘zbekiston SSRning harbiy interventsiya davridagi jinoyat qonunchiligi va fuqarolar urushi " mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va huquqshunoslik boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan birinchi oʻzbek ayoliga aylanadi. Shundan so‘ng O‘zbekiston SSR Adliya vaziri, SSR Oliy sud raisi, Fanlar akamdemiyasi a’zosi, O‘zbekiston SSR Vazirlar Soveti huzuridagi Yuridik komissiya raisi sifatida bir necha yillar davomida faoliyat olib borgan. Hozirgi kunda Xadicha Sulaymonova sharafiga Sud-ekspertizasi markazi, Toshkent shahrining markaziy ko‘chalariga Xadicha Sulaymonova nomlari berilgan. Xadicha Sulaymonova o‘zining ilmiy faoliyati, huquqiy qarashlari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan nafaqat o‘z davrining, balki bugungi huquqshunoslar avlodining ham ma’naviy tayanchiga aylangan. Uning merosi — adolat, mas’uliyat va fidoyilik maktabidir.
Xakimxoʻjayeva Sevdo,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ommaviy huquq fakulteti 2-bosqich talabasi