Advokatlar tomonidan statistik maʼlumotlarni taqdim qilish tartibi belgilandi

    “Advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik maʼlumotlarni taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi” nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3588, 23.12.2024-y.).

    Unga koʻra, faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik maʼlumotlar har bir hisobot davri uchun taqdim etiladi.

    Advokatlik tuzilmasi rahbari tomonidan statistik maʼlumotlar “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatlik tuzilmasi joylashgan joydagi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasiga birinchi hisobot davri uchun 10-iyulgacha, ikkinchi hisobot davri uchun kelgusi yilning 10-yanvargacha taqdim etiladi.

    Advokat advokatlik tuzilmasidan chiqqan taqdirda, uning advokatlik tuzilmasidan chiqquniga qadar amalga oshirilgan faoliyatiga oid statistik maʼlumotlar taqdim etilishi kerak.

    Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi tomonidan ctatistik maʼlumotlar Tizim orqali avtomatik ravishda umumlashtiriladi va har bir hisobot davri yakunlangandan soʻng kelgusi oyning 15 sanasidan kechiktirmay Advokatlar palatasiga yuboriladi.