Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirda Boʻston tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining advokat stajyori hamda 1984-y.t. shaxs oʻzaro kelishgan holda, oʻzganing nomida boʻlgan 34 sotix noturar yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 34 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 184 va 189-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha 4 nafar fuqaroni javobgarlikka tortmaslik va qamoq ehtiyot chorasi qoʻllamaslik evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ushbu pul mablagʻini advokatning koʻrsatmasiga asosan, uning 1987-y.t., muqaddam sudlangan tanishi olgan vaqtida ushlangan.
Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa Peshku tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati 2024-yilda jinoyat ishlari boʻyicha mazkur tuman sudi tomonidan sudlangan fuqaroga oid ishni kassatsiya instansiyasida koʻrilishi jarayonida unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish masalasini sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining muqaddam sudlangan ishchisi Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov boʻlimi ish yurituvida boʻlgan, Jinoyat Kodeksining 131-moddasi bilan poytaxtdagi SPA-salonlardan birining boshqaruvchisiga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini tanishlari orqali tergov jarayonida tugatishga koʻmaklashish evaziga oʻzining 1993-y.t. tanishi orqali 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, advokatlik byurosi ishchisi ushbu masalani oʻzi ishlayotgan advokatlik byurosi advokati orqali hal qilib berishni rejalashtirganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va byuro advokati ham mazkur pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, advokatlik byurosi ishchisi SPA-salon boshqaruvchisidan muqaddam 4500 AQSH dollari olganligi ham maʼlum boʻldi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.