Maʼlum boʻlishicha, u Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan fuqaroga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida ehtiyot chorasini yengilrogʻiga oʻzgartirishda va sudda ishni ijobiy hal etishda yordam berishini aytgan.
Buning evaziga u fuqarodan 3 700 AQSH dollari olgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Advokatlar bilan bogʻliq shunday holat Surxondaryo viloyatida ham aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Denov tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati 60 million soʻm pora olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Tergovda aniqlanishicha, advokat sud tizimidagi tanishlari orqali JIB Denov tuman sudida koʻrib chiqilayotgan jinoyat ishida ayblanuvchiga yengilroq jazo tayinlashga yordam berishni vaʼda qilgan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.









