Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘l va ko‘priklar qurilib, yo‘lovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Jumladan, havo yo‘llari tarmog‘ida Samarqand, Termiz, Mo‘ynoq, Zomin, Qo‘qon, Urganch aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi. So‘nggi yillarda “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qayta qurilmoqda.
Dastlab 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi. U eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Ayni paytda yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
Shu yerda terminallarning tashqi va ichki ko‘rinishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari binolarning fasad qismi milliy dizaynda bo‘lishi, pardozlash va jihozlashda issiq ranglarga ko‘proq o‘rin berilishiga ahamiyat qaratdi. Yuqori martabali mehmonlarni kutib olish, uchrashuvlar o‘tkazish uchun barcha qulayliklarni inobatga olish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumki, mazkur aeroport “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Olimpiya shaharchasi bilan yonma-yon. Ushbu majmualarni va yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish, gullar ekib, xalqimiz madaniyatini namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.