Unga tegishli bagaj nazorat-rentgen uskunasi hamda endoskop orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklar orasidagi 2 ta shirinlik qutisining ekranlardagi tasviri shubhalarni tasdiqladi. Qutilarda yovvoyi hayvonlar bor degan taxmin ilgari surildi.
Hayvonlarga ozor berib qo‘ymaslik va bojxona xodimlarining hayotiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida aeroportga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent hayvonot bog‘i vakillari taklif etilib, ular tomonidan qutilar ochildi.
Natijada, birinchi quti ichida og‘zi bog‘langan 1 bosh Nil timsohi bolasi va 3 bosh iguana, ikkinchi qutida esa to‘rsimon, yo‘lbars va xondra zotiga mansub 3 bosh piton bolalari borligi fosh bo‘ldi.
Jonivorlarni olib o‘tishga uringan shaxs buni birovning iltimosiga binoan maʼlum bir haq evaziga olib o‘tayotganini maʼlum qildi.
Jonivorlar zudlik bilan Toshkent hayvonot bog‘iga keltirildi. Dastlab jonivorlar vazni, uzunligiga doir maʼlumotlar qayd etildi. Ularning holati ko‘zdan kechirildi. Issiq iqlim sharoitlariga moslashgan jonivorlar samolyotning harorat past darajada bo‘ladigan yukxonasida va o‘ta zich joylashgan qutilar ichida keltirilgani sababli ahvoli qoniqarsiz deb baholandi. Ilonlar va iguanalardan ayrimlarining tanalari zamburug‘lar bilan kasallangan.
Jonivorlar hozirda karantinda, mutaxassislarning doimiy nazorati va parvarishi ostida saqlanmoqda.
Mazkur holatda olib qo‘yilgan noyob jonivorlarning bahosi dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda taxminan 77 million so‘mdan oshmoqda.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.