imPACT vakolatxonalari AEXAga a’zo davlatlarga saratonni davolash sohasida o‘z milliy salohiyatini baholash va bu sohadagi mavjud muammolarga samarali javob berish uchun ehtiyojlarni va ustuvor chora-tadbirlarni aniqlashga ko‘maklashadi.
Asosiy missiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun AEXA mutaxassislari 5-8-oktyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida respublika sog‘liqni saqlash vazirligining turli bo‘linmalarida muzokaralar o‘tkaziladi. JSSTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan bo‘lajak ekspert missiyasi masalalari muhokama qilinadi. Islom taraqqiyot banki loyihasini amalga oshirish guruhi, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati va Namangan filiallari faoliyati bilan tanishish ham ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi sentyabr oyining oxirida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh konferensiyasida ishtiroki doirasida AEXA bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston onkologik kasalliklarni davolash dasturini ishlab chiqish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, uning doirasida AEXA ko‘magida Toshkent, Buxoro va Namangan shaharlaridagi klinikalarga zamonaviy uskunalar yetkazib berilgani e’tirof etildi. Rafael Grossi Agentlik Islom taraqqiyot banki mablag‘larini respublikaga jalb etishni rejalashtirayotgani, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etgan edi.