Afgʻoniston bilan keng miqyosda hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi

    Xalqaro hamkorlik 31 Oktabr 2023 930

    Qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, transport-logistika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati kabi sohalarda 1 milliard 185 million soʻmlik eksport-import shartnomalari va bitimlar imzolandi.

    Joriy yil 29-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev Kobul shahrida Afgʻoniston Bosh vaziri oʻrinbosari Abdul Gʻani Mulla Barodar bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida bosh vazir oʻrinbosarlari Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir qator masalalarni muhokama qildi.

    Bundan tashqari, Qobul shahrida Oʻzbekiston va Afgʻoniston vazirlik va idoralari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

    Mamlakatimiz delegatsiya tarkibidan Oʻzbekistonning energetika, suv xoʻjaligi, konchilik sanoati va geologiya, qishloq xoʻjaligi, investitsiya, sanoat va savdo, transport, tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, bir qator boshqa idoralar, tarmoq agentliklari hamda uyushmalari rahbarlari oʻrin oldi.

    Qobulda oʻtkazilgan uchrashuvlarda “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmogʻi qurilishi loyihasini amalga oshirish, Oʻzbekistonning Qobul va Mozori Sharif shaharlaridagi savdo uylari faoliyatini qayta tiklash va jonlantirish, Afgʻonistonda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ vakolatxonasini ochish, shuningdek, xalqaro yuk tashish, bojxona nazorati hamda foydali qazilmali konlarni oʻrganish va rivojlantirish istiqbollariga oid boshqa masalalar muhokama etildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining Qobulga tashrifi doirasida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar koʻrgazmasi, shuningdek, ikki mamlakatning davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “B2B” hamda “G2B” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Natijalarga koʻra, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, transport-logistika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati kabi sohalarda 1 milliard 185 million soʻmlik eksport-import shartnomalari va bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.