Afgʻoniston bilan qoʻshni davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Oktabr 2021 831

    2021-yil 27-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afgʻoniston bilan qoʻshni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Tehron shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻz nutqida bugun Afgʻonistonda mutlaqo yangi voqelik yuzaga kelganini taʼkidladi. Toʻliq vakolatli hamda xalqaro eʼtirofga ega boʻlishga intilayotgan Muvaqqat hukumat tuzildi.

    Qayd etilganidek, Afgʻoniston yaqin kelajakda mintaqa davlatlari, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlarning milliy manfaatlariga bevosita daxldor mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili boʻlib qoladi.

    Ayniqsa, hozirgi zamonaviy bosqichda ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Afgʻonistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi alohida taʼkidlandi.

    Forum ishtirokchilari Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash, birodar afgʻon xalqiga tezkor insonparvarlik va boshqa yordam koʻrsatish masalasida xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.