Shu munosabat bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga qoʻshimcha vazifalar yuklandi va quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi:

  • ikki mamlakat oʻrtasida tovarlar va xizmatlarni erkin ayirboshlashni taʼminlashga qaratilgan qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • oʻzaro savdo hajmini oshirish – 2023-yilgacha ikkala mamlakatning savdo aylanmasini yillik hisoblashda 2 mlrd AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda;
  • infratuzilmani yaxshilash, shu jumladan Surxondaryo viloyatining chegaraoldi hududida Afgʻoniston fuqarolari uchun tibbiyot, oʻquv va boshqa xizmatlar koʻrsatilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash – biznes-forumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, hamkorlikdagi madaniy tadbirlarda ishtirok etish va boshqalar.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari tayinlanadi. U bir vaqtning oʻzida Termiz Xalqaro savdo markazi direksiyasining direktori lavozimida ham faoliyat yuritadi. Unga boshqa vazifalar bilan bir qatorda qoʻshni davlatda markazlashtirilgan tartibda tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib beruvchi savdo uylari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi ham yuklanadi. 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.

1-dekabrga qadar Surxondaryo viloyatida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzavtosanoat” va “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyatlari, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari”, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalarining vakolatxonalari ochiladi. Boʻlinmalar afgʻonistonlik sheriklar bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritadi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 13.11.2020-yildan kuchga kirdi.

Oleg Zamanov.