Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston TIV 2022-yil 5-iyul kuni soat 16:20 atrofida chegaraga yaqin Afgʻoniston hududidan beshta reaktiv snaryad Termizning “Majnuntol” mahallasida qulaganini maʼlum qilgandi. Snaryadlar oʻshanda portlamagani, toʻrtta raketa beshta uyga zarar yetkazgani, beshinchisi esa futbol maydoniga tushgani aytilgandi.
Sud hujjatiga koʻra, 1985-yilda tugʻilgan Saparov 2013-yilda Qashqadaryo viloyatidagi “Jihodchilar” ekstremistik jamoatiga qoʻshilib, yigʻilishlarda “jihod” va “hijrat” mavzularida maʼruzalarda qatnashgan.
2013-yil iyun oyida Saparov Rossiyaning Ufa shahriga borgan. U yerda qurilish obyektlarida ishlayotganida, Ufadagi ayni “Jihodchilar” tashkilotining masʼul shaxsi gʻoyalari taʼsiriga tushgan.
Keyinchalik, u 2013-yil avgust oyida boshqa shaxslar bilan birgalikda Ozarbayjonning Boku shahridan Eronning Zohidon shahriga avtobusda yoʻl oladi. 2014-yil mart oyida esa Zohidondan Afgʻoniston orqali Pokistonning Vaziriston viloyatidagi Mirali shahriga oʻtadi va u yerda “Habbob” taxallusi bilan “Turkiston islom harakati”ga qoʻshiladi. Tergov natijasida uning taqiqlangan ekstremistik, separatistik va fundamentalistik tashkilot faoliyatida ishtirok etgani aniqlandi.
Taʼkidlanishicha, u yerda jang olib borish, qurol va portlovchi qurilmalardan foydalanish boʻyicha amaliy koʻnikmalar egallagan. U, shuningdek, “TIH” safidagi aʼzolar bilan birga Afgʻonistondagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Sud hujjatlariga koʻra, u 2016-yildan eʼtiboran “Islom davlati Xuroson viloyati” (IDXV) jamoasiga qoʻshilgan. Bu yerda yangi aʼzolarni qabul qilish, moddiy taʼminotni yoʻlga qoʻyish, Media markazda targʻibot videolarini tayyorlash va tarqatish bilan shugʻullangan.
Ayniqsa, “Xuroson ovozi” kanalining “Jumadan jumagacha” dasturida Saparovning ovozi orqali Oʻzbekiston hududida hokimiyatni agʻdarish, konstitutsiyaga qarshi harakatlar qilish kabi daʼvatlar tarqatilgani ekspertiza bilan isbotlangan.
2022-yil iyun oyida Saparov, dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan “X.Osimiy”, “Abu Muxammad Tojikiy”, “Zubayr” va boshqa guruh aʼzolari tomonidan Qobul shahrida hind-sikxiylar ibodatxonasi, Rossiya elchixonasi va shaharning bir necha markaziy koʻchalarida qoʻporuvchilik harakatlari sodir etilgan. Buning natijasida tinch aholi vakillari orasida qurbonlar boʻlgan va mol-mulklarga jiddiy talafotlar yetkazilgan.
Shuningdek, Saparov dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan qurolli guruh aʼzolari “Toriq” va “Xafizullox Nurmuxammad oʻgʻli”, boshqa bir guruh shaxslar bilan birgalikda Tojikiston va Oʻzbekistonga raketa snaryadlari otilishida ishtirok etgan.
Jumladan, 2022-yil 5-iyul kuni soat 17:00 atrofida ushbu shaxslar tomonidan 107 mm RSZO (reaktivnaya sistema zalpovogo ognya — oʻt ochish reaktiv tizimi) uskunasidan otilgan 5 dona 100 mm kalibrli qoʻlbola snaryadlari Termiz shahridagi viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hovlisida joylashgan sport maydonchasi hamda 4 ta xonadonga kelib tushib, xonadon devorlariga shikast yetkazgan.
2022-yil iyul oyida qurolli guruh aʼzolari Qobul shahrida teraktni sodir etish maqsadida harakatlangan vaqtida “Tolibon” harakati tomonidan qoʻlga olinganidan soʻng, Saparov Eron orqali Pokistonning Kvetta shahriga qochib, u yerda XTT safida faoliyat olib borishni davom ettirgan.
2024-yil 20-sentyabr kuni tunda Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan Saparov va uning sheriklari yashash xonadonlarida qoʻlga olingan va Kvetta shahar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ular 2025-yil 24-yanvarga qadar qamoqxonada saqlanishgan. 2025-yil 24-yanvar kuni Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan maxsus reys bilan Toshkent shahriga olib kelingan.
Saparov sudda oʻz aybiga qisman iqror boʻlgan. U oʻz harakatlarini oqibatini toʻliq tushunib yetganini, bundan keyin bu kabi jinoyatlarni sodir etmasligini bildirgan. U suddan oilaviy sharoitini, muqaddam sudlanmaganini inobatga olib, nisbatan yengilroq jazo tayinlashni soʻragan.
Sudlanuvchining soʻzlariga koʻra, u “Xuroson viloyati islom davlati” tuzilmasiga kiruvchi “Toriq” laqabli shaxs boshchiligidagi guruh tarkibida boʻlgan. Bu guruhning asosiy vazifasi Saparov yashaydigan joyda qoʻlbola minalar va portlovchi qurilmalar tayyorlash, shuningdek, terrorchilarni tayyorlash va teraktlar uyushtirishdan iborat boʻlgan.
Ayblanuvchining soʻzlariga koʻra, ularning oldiga 2022-yil bahorigacha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan mujohidlar kelgan. Maxsus taklif etilgan ISHID aʼzolari ular uchun oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazgan. 2022-yil bahorida ISHID amirlari teraktlar “fronti”ni kengaytirish boʻyicha koʻrsatma bergan — endi hujumlar nafaqat Afgʻonistonda, balki qoʻshni mamlakatlarda ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shunday epizodlardan biri Rossiya Federatsiyasining Kobuldagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum bilan bogʻliq. Sudlanuvchining koʻrsatmasiga koʻra, “Ibrohim” laqabli Oʻzbekiston fuqarosi uning uyida ikki kun yashagan. Saparov uni va “Toriq”ni oʻz avtomobilida Rossiya elchixonasi hududiga olib borgan. Mashinada qoʻlbola minalar va portlovchi qurilmalar boʻlgan. Shundan soʻng “Ibrohim” elchixona oldida oʻzini portlatib, halok boʻlgan.
Guruhning yana bir aʼzosi — “Abu Muhammad Tojikiy” nomi bilan tanilgan Tojikiston fuqarosi Kobuldagi sikxlar ibodatxonasida portlash sodir etgan. Sudlanuvchining soʻzlariga koʻra, hujumdan oldin terrorchilar uning uyi xonalaridan birida — yuzlarida niqoblar va ISHID bayrogʻi fonida suratga tushgan. Bu suratlar ISHIDga aloqador Telegram-kanallarda eʼlon qilingan.
Uning soʻzlariga koʻra, “Toriq” boshchiligidagi guruh Kobulning markaziy koʻchalarida ham qoʻporuvchiliklar uyushtirgan. Minalar va portlovchi qurilmalar uning yashash joyida “Toriq”ning oʻzi, uning oʻgay oʻgʻli “Zubayr” (Qirgʻiziston fuqarosi) va yana ikki nafar pushtun jangarilari tomonidan tayyorlangan.
Saparov Oʻzbekiston hududi oʻqqa tutilishi faktlari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, 2022-yil bahorida ISHID amirlari buyrugʻi bilan guruh maxsus instruktorlar ishtirokida Tojikiston va Oʻzbekiston hududiga raketa snaryadlarini uchirgan. 2022-yil iyul oyi boshida “Toriq” Saparovning uyida saqlangan beshta jangovar raketani “Hafizulloh Nurmuhammad oʻgʻli” laqabli afgʻonga topshirishni buyurgan. Sudlanuvchining soʻzlariga koʻra, raketalar Telegramʻda eʼlon qilish uchun suratga olingan, soʻngra Kobul koʻchalaridan birida shaxsan oʻzi ularni olib kelgan. Keyinroq Saparov bu snaryadlar Oʻzbekiston hududi boʻylab uchirilganini bilib qolgan — zarba Termiz shahriga berilgan.
Ularning guruhi aʼzolari birin-ketin toliblar qoʻliga tusha boshlagach, Saparov tashkilotning media markazi joylashgan Mozori Sharifga yashiringan.
Sud hukmi bilan Obid Saparov Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi “b” bandi (Ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlgan terrorizm), 155−2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida oʻquvdan oʻtish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 159-moddasi 3-qismi “b” bandi (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlagan holda Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 161-moddasi (Qoʻporuvchilik), 244−1-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari (Oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2-moddasi 1-qismida (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 16-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.








