Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Q.Salomov, Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Ch.Begimqulov, Afgʻoniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi konsullik vakili Muxtor Azimiy ishtirok etdi.

Dunyoga chang solgan pandemiya sharoitida mamlakatimizda karantin cheklovlari joriy etilgach, taʼlim muassasasi faoliyati vaqtincha toʻxtalib, afgʻonistonlik talaba-yoshlar oʻz Vataniga kuzatilgan edi. Koronavirus taʼsiri jilovlanib, karantin qoidalari yumshatilgach, ularning oʻqishni davom ettirish imkoniyati yuzaga keldi.

Oʻzbekiston qoʻshni davlatdagi vaziyatni siyosiy yoʻl bilan hal etish, tinchlikni taʼminlash, barqarorlikni tiklash, iqtisodiyot, fan, madaniyat va boshqa sohalarni tiklash tarafdori boʻlib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining afgʻon xalqi oʻz taqdirini mustaqil, tinch yoʻl bilan hal etish masalasini xalqaro miqyosda koʻtarib kelayotgani ham bunga yaqqol dalildir. Mamlakatimiz koʻmagi bilan Afgʻonistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilayotir.

Prezidentimiz gʻoyasi asosida Termiz tumanida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi qisqa vaqtda dunyoda muqobili yoʻq maʼrifat muassasasiga aylandi. Zamonaviy usulda jihozlangan oʻquv maskanida afgʻonistonlik yoshlar 17 ta oliy va 20 ga yaqin oʻrta maxsus taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlib ulgʻayishi mumkin.

Ayni paytda oʻquv dargohida yaqin qoʻshni davlatning 20 ta viloyatidan 172 nafar afgʻon yigit-qizlari tibbiyot, temir yoʻl, oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi kabi qator yoʻnalishlarda taʼlim olib, fan sirlarini chuqur oʻzlashtirmoqda.

Chegarada kutib olingan talabalardan koronavirus infeksiyasiga test olinib, ular belgilangan karantin muddatlarini oʻtashi uchun Termiz shahridagi “Sharq” va “Surxon” mehmonxonalariga joylashtirildi. Taʼlim markazi binolari karantin talablari asosida dezinfeksiya qilinib, oʻquv mashgʻulotlarini boshlash uchun taxt qilib qoʻyildi.