Muloqot chogʻida soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlar huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.

Suhbat davomida A.Adolatxoh “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berib, Oʻzbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilish borasidagi ishlarni alohida qayd etdi.

– Huquqshunoslik boʻyicha tahsilni Toshkentda olganman va bundan faxrlanaman. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda sud-huquq tizimida olib borilayotgan ishlar va amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Bu boradagi ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga koʻtarildi.

Men sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirish boʻyicha 2020-yil 24-iyul kuni qabul qilingan Prezident farmonini juda katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim.

Sudlov tizimining tubdan isloh qilinishi, koʻplab nohaq ayblangan va ozodlikdan mahrum etilganlarning oqlanishi, sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar olib tashlanayotgani, sudyalik lavozimiga bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda har tomonlama munosib kadrlar tayinlanayotgani tahsinga sazovordir.

Sudlov jarayonida va insonlar taqdirini hal etishda mahalla va jamoatchilik rolining oshirilayotgani ham ijobiy yutuqlardan biridir.
Shu munosabat bilan aytish mumkinki, odil sudlov boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini Afgʻoniston va boshqa mamlakatlarda ham ommalashtirish maqsadga muvofiqdir.