Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 22 Oktabr 2020 1174

    Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Kobul shahriga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi vazirlik va idoralari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida ikki davlat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va energetika sohalariga urgʻu bergan holda, koʻp qirrali sheriklikni oʻrnatishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Tomonlar oʻzaro savdo rivojlanishining ijobiy tendensiyalarini taʼkidladilar — faqatgina 2020-yilning birinchi yarmida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan savdo aylanmasining 24 foizga oʻsishiga erishildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi Bitim loyihasini tayyorlash boʻyicha ikki mamlakatning tegishli idora va vazirliklarining birgalikdagi ishlarini faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, xalqaro savdo hajmining global pasayishi fonida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida oʻzaro yuk tashish dinamikasi barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etayotganligi taʼkidlandi — joriy yilning yanvar oyidan sentyabr oyigacha boʻlgan davrda temir yoʻl va avtomobil transporti orqali tashishlar hajmi 47 foizga oshdi. Tadbir davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokida Afgʻoniston Islom Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida 110 million dollar ajratishni nazarda tutuvchi “Surxon- Puli- Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Mablagʻlarning asosiy qismi tashkilotning oʻzbek pudratchilari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish ishlariga yoʻnaltiriladi. Yaqin kelajakda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “DA Afgʻoniston Breshna Shirkat” oʻrtasida ushbu EULni qurish boʻyicha tegishli shartnoma imzolanadi.