Holat yuzasidan TIV maʼlumot berdi.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining masʼul vakillari tezkor ravishda Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritdi.
Afgʻonistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini, mamlakat hududida oʻzbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yoʻqligini qatʼiy taʼkidlab, Afgʻoniston hukumati va xalqi birodar oʻzbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etgan.
Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat boʻylab oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur amaliyotga koʻra, taʼlim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat boʻylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan, Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va oʻzbek tillarida berilishi belgilangan.
Shuningdek, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afgʻoniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “Oʻzbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.