Islom qamariy taqvimining oxirgi oyi — zulhijja oyining birinchi kuni Saudiya Arabistonida 28-mayga toʻgʻri keladi. Musulmonlarning ikki yirik bayramidan biri boʻlgan Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuni nishonlanadi. Shu tariqa 6-iyun Qurbon hayiti bayramiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda ham shu kuni bayram nishonlanadi.
Biroq Afgʻonistondagi “Hilol koʻrish qoʻmitasi” hech bir viloyatda 28-may kuni zulhijja oyi koʻrinmaganini maʼlum qilgan. Fuqarolar ham ushbu oyni koʻrgani haqida shariat sudlariga guvohlik bermagan. Shundan kelib chiqib, “Tolibon” 28-may zulqaʼda oyining soʻnggi kuni ekanini aytib, 7-iyunni Qurbon hayiti sifatida belgilagan.
Malayziya va Bruney ham 29-may kunidan zulhijja oyi boshlanishini maʼlum qilgan. Ular ham 7-iyun sanasida Qurbon hayitini nishonlaydi.









