Afgʻonistondagi vaziyat alohida eʼtiborni talab qilmoqda

    Hukumat 13 Oktabr 2022 1250

    Prezidentimiz oʻz nutqida Afgʻoniston masalasi boʻyicha quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi.

    Afgʻonistondagi vaziyat alohida eʼtiborni talab qilmoqda.

    "Afsuski, boshqa oʻtkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afgʻoniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

    Oʻttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bogʻliq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

    Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

    Afgʻon muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim.

    Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz".