Termiz xalqaro savdo markazida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Afgʻoniston Bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo rahbarligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Afgʻoniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun yuborilgan 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmari Oʻzbekiston tomonidan qabul qilib olindi.
Qayd etilishicha, bu toshga dunyoda katta qiziqish mavjud. U issiqda isib, sovuqda sovib ketmaydi. Tozalanishi ham juda oson. Oʻziga suv yuqtirmaydi. Ikkinchi bosqichi ham tayyor boʻlishi bilan Oʻzbekistonga yetkaziladi.
Bunday amaliy hamkorlik ikki birodar xalq oʻrtasidagi tarixiy yaqinlik, oʻzaro hurmat va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi eʼtiborga sazovardir.