“Toshkent–Andijon” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Andijon shahrida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” avtomashinasi Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Chinor” yoʻl patrul xizmati maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi. Tekshiruv paytida salonda boʻlgan Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh shahrida yashovchi 1971-yilda tugʻilgan fuqaroning yonidan 4 kg 897 gr “gashish” moddasi topildi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergov jarayonida ushbu moddalar Buxoro tumanidagi dala maydonidagi xufiya joydan olingani maʼlum boʻldi. Ushbu hudud koʻzdan kechirilganda, yana 45 kg 52 gr “gashish” moddasi saqlangan joy aniqlandi.
Hozirda ikki nafar shaxsga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergovga qadar tekshiruvda maʼlum boʻlishicha, qariyb 50 kg giyohvandlik vositasi avvalroq Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan Buxoro viloyatiga olib kirilgan va Oʻzbekiston orqali tranzit yoʻli bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Giyohvandlik moddalari nafaqat inson salomatligi, balki jamiyat xavfsizligi uchun ham katta tahdid tugʻdiradi. Qonunni buzib, tez boylik orttirishni istaganlar esa albatta javobgarlikka tortiladi.
Ozodlikdan mahrum boʻlish va oilangizdan ajrab yashashni istamasangiz, bunday jinoiy yoʻllarga qadam qoʻymang.









