Unda qayd etilganidek, ushbu anjumanda Afgʻonistonning barqaror tinchlikka erishishi va xavfsizligi taʼminlanishiga qaratilgan bir qator muhim masalalar koʻrib chiqiladi. Afgʻonistonda gumanitar inqirozning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, urushdan keyingi milliy iqtisodiyotni tiklashga koʻmaklashish, koʻp millatli afgʻon xalqi va butun dunyo manfaati yoʻlida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayoniga jalb etish asosiy maqsad etib belgilangan.

Xalqaro konferensiyada Afgʻoniston muammosini hal etishda bevosita ishtirok etuvchi Yevropa, Amerika qitʼalari, Yaqin va Oʻrta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalari, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislari, yetakchi tahlil markazlari va Afgʻoniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ilk bor bir maydonda jam boʻlishadi.

Ikki kun davomida turli tadbirlar – Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afgʻon xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni taʼminlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ham koʻrib chiqiladi.

Asosiy maqsad – xalqaro hamjamiyatning afgʻon yoʻnalishida yakdil samarali muloqotini yoʻlga qoʻyish, xususan, xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida umumiy pozitsiyani shakllantirishga koʻmaklashish, afgʻon diyorining qoʻshni davlatlar, shuningdek, Afgʻonistonning amaldagi hokimiyati bilan konstruktiv muloqoti yoʻllarini topish.

Mutaxassislar ushbu forumni Afgʻonistonda mustahkam tinchlik oʻrnatilishi va barqaror rivojlanishiga erishishning muhim sharti sifatida eʼtirof etishmoqda.

“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil 11-iyulda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasida Afgʻonistonning xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashdagi alohida ahamiyati qayd etilgan. Konferensiyaning yakuniy natijasi sifatida Oʻzbekiston yetakchisining ushbu muhim tashabbusi hayotga tadbiq etilishi kutilmoqda”, deb yozadi Hindiston ommaviy axborot vositalari.