Shahar hokimi Abdurahmon Himmat soʻzlariga koʻra, shaharning Muxobirot chorrahasida joylashgan, Navoiyning “ancha xarob va koʻrimsiz holga kelib qolgan yodgorligini qayta tiklash” boʻyicha qaror qabul qilingan.
«Yangidan barpo etiladigan majmua uchun katta yer maydoni ajratildi, unda Navoiyning tarjimayi holi, hayot yoʻli, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari aks ettirilgan lavha oʻzbek, ingliz, doriy va pushtu tillarida oʻrnatiladi, shuningdek, kutubxona tashkil etiladi», dedi hokim.
Yodgorlik qurilishi shahar hokimligi byudjetidan moliyalashtiriladi va bir oy muddatda tugatiladi. Yodgorlik uchun matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti yordam berishi qoʻshimcha qilindi.