Afrika ittifoqi sog‘liqni saqlash organlari Ebola virusi xavfi mintaqadagi kamida o‘nta mamlakatga tarqalishda davom etayotgani haqida ogohlantirdi.
Kongo hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning sharqiy qismida Ebola virusini yuqtirganlikda gumon qilingan 867 ta holat qayd etilgan.
O‘lim holatlari soni 204 nafarga yetdi.
Infeksiyaning Janubiy Sudan, Ruanda, Keniya, Tanzaniya, Efiopiya, Burundi, Angola, Markaziy Afrika Respublikasi va Zambiyada tarqalish xavfi yuqori, deb xabar berdi Kazinform.
Mutaxassislar hozirgi epidemiya kam uchraydigan Bundibugio shtammi bilan bog‘liq ekanini aytmoqda.
Virusning bu turi birinchi marta 2007-yilda aniqlangan.
Hozirda Ebolaning bu varianti uchun rasman tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.
Shifokorlarning fikriga ko‘ra, ushbu shtammni yuqtirgan bemorlar orasida o‘lim darajasi 30-50 foizga yetishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ebola virusining yuqishi koronavirus yuqishidan farq qiladi.
Infeksiya havo orqali osonlikcha yuqmaydi.
Virusni yuqtirish xavfi asosan bemorning qoni yoki boshqa biologik suyuqliklari bilan bevosita aloqada ortadi.