баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    “Afrosiyob” elektropoyezdi mashinistlari faoliyatida 889 ta kamchilik aniqlangan

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻztemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov maʼlum qildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi qaroriga muvofiq, “Yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish boʻyicha idoralararo komissiyasi tashkil etilgan.

    Idoralararo komissiya doimiy asosda faoliyat yuritadigan maslahatlashuv organi hisoblanib, Transport vazirligi huzurida tashkil qilingan. Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi idoralararo komissiyaning ishchi organi hisoblanadi. Idoralararo komissiyaning yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, 2021-yil yanvar-noyabr oylarida 8 marotaba sayyor yigʻilishlari oʻtkazildi. Mazkur yigʻilishlarda yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalarida yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda harakat xavfsizligiga xavf soluvchi qoidabuzarliklar oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari koʻrildi.

    Shuningdek, jamoat tartibini taʼminlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi boʻyicha bajarilgan ishlar oʻrganildi va yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalariga yaqin hududda joylashgan aholi punktlari, oʻquv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi doimiy nazoratga olingan.

    “Afrosiyob” elektropoyezdi mashinistlari tomonidan aniqlangan 889 ta kamchiliklarning kelib chiqish sababi, ularni bartaraf etilishi hamda amalga oshirilgan ishlar sifati doimiy muhokama qilinmoqda. Komissiya ishchi organi tomonidan yigʻilish bayonnomalari rasmiylashtirilib, tasdiqlangan bayonnomalar idoralararo komissiya aʼzolari, aloqador davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ijrosini taʼminlash uchun yuboriladi.

    Tashkil etilgan sayyor yigʻilishlarda idoralararo komissiya tomonidan oʻz vakolati doirasida aniqlangan jami 248 ta kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 56 ta topshiriq va tavsiyalar berilgan. Bundan tashqari, Idoralararo komissiya topshiriqlariga asosan, IIV xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalarida oʻtkazilgan 3241 ta reydlarda aniqlangan jami 6214 ta qoidabuzarliklarga nisbatan qonuniy taʼsir choralari koʻrilgan.

    Yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalari hududiga yaqin joylashgan aholi punktlari, oʻquv muassasalari va tashkilotlarda temir yoʻl infratuzilmasi inshootlari hamda harakatdagi tarkibga shikast yetkazmaslik, atrof-muhit va sanitariya qoidalariga rioya etish, maishiy chiqindilarni tashlamaslik va yoqmaslik, chorva mollarini boqmaslik va boshqa noxush holatlarga olib keluvchi harakatlarni sodir etmaslik yuzasidan koʻplab targʻibot-tushuntirish tadbirlari tashkil etilgan.

    Oʻtkazilgan sayyor yigʻilishlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinishi yuzasidan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahar xokimliklariga, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Ichki ishlar vazirligiga tegishli topshiriqlar berilgan va ularni ijrosi nazoratga olingan.