«Afrosiyob« tezyurar poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik harakati sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu ishni temiryoʻl tizimida ishlovchi shaxslar sodir etgan.
Ishga “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli “Ziyovuddin temir yoʻl masofasi” korxonasida temir yoʻl toʻsiqlari boʻyicha brigadir lavozimida faoliyat yurituvchi shaxs boshchilik qilgan.
U Navoiy shahrida yashab, 2023-yilning dekabr oyida korxonada brigadir shtat birligi tugatilgach, u yoʻl sozlovchisi va temir yoʻl toʻsiqlari qoʻriqchisi vazifasiga ishga oʻtkaziladi.
Lekin sobiq brigadir oʻz noroziligini rahbariyatga koʻrsatib qoʻyish maqsadida Karmana tumanida yashovchi, 1992-y.t. hamkasbi bilan jinoiy reja tuzadi.
Joriy yilning 14-yanvar kuni kechki vaqt ular Samarqand viloyatining Paxtachi tumani “Burqut” MFY hududida joylashgan “Ziyovuddin-Navoiy” temir yoʻl bekatlari oraligʻining 3872-km hududiga borib, ogʻirligi 110 kg boʻlgan temir-beton shpalni “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatlanuvchi temir yoʻl relsi ustiga koʻndalang holatda qoʻyib, voqea joyidan yashirinishadi.
Oradan 15-20 daqiqa oʻtib, “Toshkent-Buxoro” yoʻnalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yoʻlovchisi boʻlgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan toʻqnashadi. Buning natijasida poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetadi.