Sessiyada Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilshod Saidjanov ham ishtirok etdi. U soʻz erkinligi hamda ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berdi.
«Soʻz erkinligi bu — har kim oʻz fikrini erkin bayon etishi. Oʻzbekiston qoʻshilgan xalqaro hujjatlar — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro Paktda soʻz erkinligi bilan bogʻliq muhim fikrlar keltirilgan. Soʻz erkinligi — boshqa inson huquqlari kabi masʼuliyat va javobgarlik mavjud ekani. Yaʼni, har bir huquqning oʻz masʼuliyatlari bor va u maʼlum cheklovlar bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin.
Bu cheklovlar qonun va zaruriyatdan kelib chiqib belgilanadi. Yaʼni, shaxsning ichki hayoti, davlat, jamoat va sogʻliq xavfsizligi hamda qadriyatlar himoyasi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Afsuski, koʻpchilik huquqiy hujjatlarni oʻqimay qoʻydi. Boʻlajak jurnalistlarga qarata shuni aytmoqchiman: axborot sohasidagi qonunchilik hajmi unchalik katta emas. Hujjatlar sanoqli va ularni puxta oʻrganish kerak. Bu sohada ishlash uchun xalqaro va milliy qonunchilikni chuqur bilish lozim.
Men bu sohada 2009-yildan beri faoliyat yuritaman va shu bois yuz berayotgan oʻzgarishlarga baho bera olaman. 2016-yilgacha bizda kuchli OAV yoʻq edi. Hamma axborot koʻrardi, davlat asosiy axborot tarqatuvchi edi. Oʻsha paytlarda biz chet el OAV taʼsirida edik. Bugun esa vaziyat boshqacha — bugun jurnalistlarimiz va blogerlarimiz faoliyati kuchaydi hamda Gʻarb yoki boshqa chet el ommaviy axborot vositalari bu raqobatda yutqazdi.
Agarda ochiqlik va soʻz erkinligi kursi davom etmasa, axborot makonimizni yana boshqalarga berib qoʻyishimiz mumkin. Shu bois 2019-yilda axborot xizmatlari faoliyati tiklandi. Maqsad — boʻlayotgan oʻzgarishlar, biror muammo haqida obyektiv munosabatni xalqqa ochiq yetkazish.
AOKA vakolatli davlat organi sifatida axborot xizmatlari faoliyatiga turlicha baho berishi mumkin, lekin ularga eng munosib bahoni jurnalistlar va blogerlar beradi».









