Agentlik soʻroviga binoan yaylovni gʻalla ekish uchun ajratish toʻgʻrisidagi hokim qarori bekor qilindi

    Mamlakatimizda 7 Aprel 2021 905

    Samarqand viloyati Nurobod tumani “Agʻron” mahallasida yashovchi fuqaro J.Ya.ning murojaati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻrganildi.

    Fuqaro oʻz murojaatida Nurobod tuman hokimligi va tuman kadastr boʻlimi masʼullari tomonidan Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlardagi 40.0 gektar ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari soxta hujjatlar asosida lalmikor yer maydonlari sifatida “A. I. S.” MCHJga berilganligi hamda Nurobod tuman hokimining 2020-yil 23-dekabrdagi 905-Q-son qarori korrupsion holatlar asosida chiqarilganligini maʼlum qilgan.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli hujjatlarni oʻrganishlar davomida, Nurobod tuman hokimining mazkur qarori qabul qilinishida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmaganligi maʼlum boʻldi.

    Jumladan, Nurobod tuman hokim qaroriga asosan “A.I.S.” MCHJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlarda joylashgan yaylov yer maydonlari lalmikor yer sifatida gʻallachilik bilan shugʻullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021-yil 27-martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekanligi ham koʻrsatilgan.

    Oʻrganishlar va Nurobod tuman hokimligi masʼullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olindi.