Ushbu sohalar iqtisodiyotning oʻsish surʼatlari va aholining hayot sifati bilan bevosita bogʻliq boʻlib, yer va suv resurslarining cheklanganligi, ekologik bosimning ortib borishi zamonaviy servis tamoyillariga asoslangan yangicha boshqaruv tizimiga oʻtishni taqozo etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, davlat boshqaruvida natijaga asoslangan tizimni joriy etishga qaratilgan farmonni qabul qilish qishloq, suv xoʻjaligi va ekologiya sohalarida mavjud muammolarni tizimli hal etish, masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash zarurati bilan izohlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni boshqaruvda natijadorlikni bosh mezon qilib belgilaydi va davlat organlaridan aniq, oʻlchanadigan natijalarga erishishni talab etadi.

Jumladan, qishloq va suv xoʻjaligi hamda ekologiya sohalarida quyidagi natijaga yoʻnaltirilgan maqsadlar qoʻyilgan:

  • tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
  • sohaviy dasturlar ijrosida javobgarlikni kuchaytirish, real iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy taʼsirini taʼminlash;
  • davlat organlari faoliyatini aholi, fermerlar va atrof-muhit manfaatlariga xizmat qildirish.

Farmonda joriy etilishi belgilangan yangi tizim agrosanoat majmuini oqilona boshqarish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Buning uchun:

  • agrar sohada koʻrsatiladigan xizmatlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi;
  • agrosanoat majmuidagi byudjet tashkilotlariga tegishli bino va inshootlar roʻyxati shakllantiriladi;
  • “Yagona darcha” tamoyili asosida agroxizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarni yagona binoga joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi;
  • “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)lar”da ushbu tizim joriy etiladi.

Mazkur choralar qishloq xoʻjaligida xizmatlar sifatini yaxshilash, ularni bir martalik va tizimli monitoring qilishni tashkil etish, fermerlar va boshqa agrobiznes subyektlari uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Shu maqsadda, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida oʻtkazilgan tahlillar, agrokompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tarqoq joylashganligi, faoliyati maʼmuriy-boshqaruvga yoʻnaltirilganligi, xizmat koʻrsatish samarali tashkil etilmaganligini koʻrsatdi. Fermerlar oʻz faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bir nechta tashkilotlarga alohida murojaat qilishi ortiqcha vaqt va mablagʻ sarfiga sabab boʻlib, xoʻjalik yuritish samaradorligiga salbiy taʼsir qilmoqda.

Shuni inobatga olib, tumanda “yagona darcha” tamoyili asosida agrointegratsiya markazi tashkil etiladi va uning qoshida sunʼiy intellekt texnologiyalardan foydalangan holda situatsion-tahliliy markaz va dron xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, tuman agrokompleks tashkilotlari yagona binoda joylashtiriladi, xizmatlarni koʻrsatish sifati oshadi, kompleks tarzda ish tashkil etish imkoni yaratiladi.

Natijada, agroxizmatlar koʻrsatish jarayoni 2–3 barobar tezlashadi, murojaatlarni koʻrib chiqish vaqti qisqaradi, idoralararo hamkorlik va axborot almashinuvi yaxshilanadi, boshqaruv samaradorligi taʼminlanib, davlat idoralariga ishonch ortadi. Ushbu tizim 2026-2027-yillar davomida Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi 33 ta tuman (shahar)da joriy qilinadi.

Shuningdek, Namangan va Surxondaryo viloyatlari markazlarida qishloq va suv xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi 14 ta boshqarma yagona agrokompleksga joylashtirilib, “Yagona darcha” tamoyili asosida 80 dan ortiq xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, Qishloq xoʻjaligi vazirligining moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish orqali sohani boshqarish tizimi natijadorligini oshirishga qaratilgan aniq amaliy choralar amalga oshiriladi.

Suv xoʻjaligida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi suv resurslaridan samarali foydalanish va boshqa sohalar bilan integratsiyani yaxshilash uchun asos yaratadi. Umumiy boshqaruv tizimida suv xoʻjaligi sohasidagi vazirlik va idoralar ham samaradorlik koʻrsatkichlari, masʼuliyat va integratsiya asosida ishtirok etadi, demak qishloq xoʻjaligi suv taʼminoti, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini samarali tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bogʻliq boshqaruv jarayonlari yaxshilanadi.

Bundan tashqari, Farmonga muvofiq Boshqaruv samaradorligi agentligi umumiy muvofiqlashtiruvi ostida Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqaruv samaradorligini oshirish boʻyicha barcha davlat organlari bilan hamohanglikda amalga oshiriladigan choralar rejasida ishtirok etadi. Bu esa agrosanoat majmui subyektlarini boshqaruv mezonlari boʻyicha baholashga va muvofiqlashtirishga xizmat qiladi, natijada agrar sektorda, jumladan suv resurslaridan foydalanish tizimida ham samaradorlik oshadi.

Natijaga asoslangan boshqaruv tizimining mohiyati shundan iboratki “Qancha ish qilindi?”, emas, balki “Qanday natijaga erishildi?”, degan yondashuv ustuvor boʻladi.

Bunda:

  • har bir vazirlik, idora va hudud uchun aniq maqsadli koʻrsatkichlar (KPI) belgilanadi;
  • byudjet mablagʻlari va resurslar natija bilan bogʻlab ajratiladi;
  • hisobotlar faqat bajarilgan ishlar roʻyxati emas, amaldagi samarani aks ettiradi;
  • rahbarlar va masʼul shaxslar erishilgan natija uchun shaxsiy javobgar boʻladi.

Natijaga asoslangan boshqaruv tizimi qishloq xoʻjaligida yer unumdorligini oshirish, hosildorlik va mahsulot sifatini yaxshilash, sohada xizmatlar samaradorligini oshirish, agrotexnologiyalarni joriy etish natijasini hamda davlat koʻmagining haqiqiy taʼsirini aniq baholash imkonini beradi, fermer manfaati bozor talabi bilan uygʻunlashadi.

Suv xoʻjaligida mazkur tizim suv resurslaridan oqilona foydalanishni oshirish, suv yoʻqotishlarini kamaytirish, meliorativ tadbirlar samaradorligini real baholash, suv taʼminotida adolat va shaffoflikni taʼminlash, sohaga yoʻnaltirilayotgan investitsiya va byudjet mablagʻlar samarasini aniqlashda muhim hisoblanadi. Bu orqali “suv bor – natija yoʻq”, degan holatlarga chek qoʻyiladi.

Ekologiya yoʻnalishida natijaga asoslangan boshqaruv atrof-muhitga taʼsir etuvchi omillarni aniq hisobga olish, havo, suv va yer ifloslanishini kamaytirish boʻyicha real natijalarni baholash, ekologik dasturlarning formal emas, amaliy samarasini taʼminlash, tabiiy resurslarni muhofaza qilishda javobgarlikni kuchaytirish imkonini yaratadi.

Azizillo Xamdamov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Boshqaruv samaradorligi agentligi

Iqlim oʻzgarishi sharoitida agrar sohada davlat xizmati

va boshqaruv samaradorligini

rivojlantirish departamenti boshligʻi oʻrinbosari,

Iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori