Nizom qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun «Subsidiya.mf.uz» axborot portali orqali subsidiya ajratish hamda undan samarali foydalanishni nazorat qilish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, xaridor subsidiya olishga ariza berish uchun «Subsidiya.mf.uz» axborot portalida Yagona identifikasiya tizimi (One ID) yoki elektron raqamli imzo (ERI) orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasida subsidiya ajratishni koʻrib chiquvchi komissiya tuziladi.
Komissiya «Subsidiya.mf.uz» axborot portali orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni 5 ish kunida oʻrganib chiqadi.
Xaridor «Subsidiya.mf.uz» axborot portali orqali oʻziga subsidiya ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishi mumkin.
Maʼlumot uchun: subsidiya – belgilangan texnikani sotib olgan xaridorning arizasiga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi, lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun ajratiladigan mablagʻ hisoblanadi.