“Agro Export Baraka” MCHJ Rossiyaga bodring eksportini boshladi

    Agrosektor 15 Noyabr 2021 906

    Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanining Mirzo Ulugʻbek suv isteʼmolchilar uyushmasi hududidagi “Agro Export Baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyat ish boshlaganiga uncha koʻp vaqt boʻlmadi.

    Furqat Toshmatov olgan surat

    Gulistonlik tadbirkorlar Andrey Ryuxin va Oleg Svistunov “Milliy bank”dan olgan 3, 5 million dollarlik kredit, oʻzlarining 1,5 million dollarlik sarmoyalari hisobiga Koreya texnologiyasi asosida 7 gektar yer maydonida issiqxona barpo etdi. Avval boʻz va quruq boʻlgan yerda endi bodring va pomidor mahsulotlari gidroponika usulida yetishtirilyapti.

    Issiqxona uchun zarur boʻlgan jihozlar Koreyadan, gidroponika usulida ekiladigan kokos poʻchogʻi esa Turkiyadan keltirildi. Qurilish ishlari yakuniga yetgach u yerga Bern navli, yaʼni xalq tilida aytganda choʻtir bodring ekdi.

    — Ushbu texnologiya asosida ish boshlashdan avval Rossiyalik Sergey Kosisыn va Belorussiyalik Nina Boloshenko kabi mutaxassislardan maslahat oldik, — deydi “Agro Export Baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyat ish yurituvchisi Oleg Svistunov. — Koʻrganingizdek, natija yomon emas. Gidroponika usulidagi issiqxonani qurib, unga bozorbop Bern(choʻtir) navli bodring urugʻlarini ekdik. Nihollar ham baravj oʻsib, kutilganidan yuqori hosil bera boshladi.

    Ayni vaqtda “Agro Export Baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyatda mirzaobodlik va boyovutlik mahalliy yoshlardan 120 kishi ishli boʻldi. Ularning 90 foizi qishloq ayollari. Ish haqqi ham chakki emas. 1 million 800 mingdan 3 million soʻmgacha. Bundan tashqari ular qilgan mehnatiga qarab ragʻbatlantirib borilyapti. Yuvinish, dam olish xonalari mavjud. Issiq ovqat esa bepul.

    — 1 kvadrat metr joyda ekilgan bodringdan 250 kilogramm, 1 gektar yerdan 250 tonna atrofida bodring olishni rejalashtirganmiz,— deydi Andrey Ryuxin. — Rejadagi ishlarimiz amalga oshib, hosildorlik ham kutilganidanda koʻp boʻlgach, tashqi bozorga chiqarilgan va sotilgan bodring hisobiga gidroponika hisobida qurilgan issiqxonamizni yana bir necha gektarga kengaytiramiz. Buni hisobiga ishchi xizmatchilarimiz soni, ish haqqi va daromadi oshadi.

    Gʻulom Primov.