Bu Oʻzbekiston agrosanoat majmuasining eksport mahsulotlarini yetkazish boʻyicha xizmatlarni hamda Rossiyadan olib kelinadigan import yuklarni yangi sifat darajasiga olib chiqishga imkon yaratadi.
Oʻzbekistondan Rossiyaga dastlabki sinov “Agroekspress”ni (qariyb 40 vagon) 2021-yilning kuzida joʻnatish rejalashtirilgan. Xuddi shu temir yoʻl sostavi Rossiyadan Oʻzbekistonga qarama-qarshi import oqimini taʼminlab beradi.
Memorandum “Uzagrologistics Centers” MCHJ, “REM” AJ, “RJD Logistika” AJ bosh direktorlari Noufalbek Sabirov, Veronika Nikishina va Dmitriy Murev tomonidan imzolandi.
«Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Rossiya eksport markazi” AJ, hamda “RJD Logistika” AJ tomonidan ishlab chiqildi, muzokaralar chogʻida ular agro-oziq-ovqat mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni rivojlantirishda ikki tomonlama koʻmak hamda uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilishni kamaytirish zaruratini taʼkidlashdi, — dedi Noufalbek Sabirov. — Bu Oʻzbekistondagi yetkazib beruvchilar uchun ham, Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun ham birdek manfaatli. Hujjat bilan Rossiyadagi Selyatino stansiyasidan Oʻzbekistondagi Chuqursoy va Sergeli stansiyalariga tashish marshrutlari aniqlab berilgan, shuningdek boshqa yoʻnalishlar hisobidan qamrovni kengaytirish imkoniyatlari koʻzda tutilgan».
Rossiya-Oʻzbekiston logistika koridorini tashkil etish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi PQ-4406-son “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-noyabrdagi VMQ-761-son “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan vazifalar va imkoniyatlarni amalga oshirish hamda Agro-logistika markazlarini yaratish boʻyicha loyiha doirasida ishlab chiqilgan.
Hujjatda “Agroekspress” konteynerli tezyurar temir yoʻl poyezdlari harakatini yoʻlga qoʻyish orqali “Rossiya-Oʻzbekiston” logistika koridori loyihasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash sohasida tomonlarning oʻzaro manfaatli hamkorligi va umuman olganda, agrosanoat majmuasi mahsulotlari logistikasini takomillashtirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, noxomashyoviy noenergetik eksportni rivojlantirish, transport xizmatlari eksporti, shuningdek boshqa hamroh ish va xizmatlarni taraqqiy ettirish sohasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
«2021-yilning birinchi choragida Rossiyadan Oʻzbekistonga eksport tashishlar xajmi besh foizga oshdi va deyarli bir milliard dollarni tashkil etdi. Loyihaning toʻlaqonli ishga tushirilishi oʻzaro manfaatli marshrutlarni shakllantiradi va rossiyalik eksportchilarni kompleks logistika xizmati hamda Rossiya mahsulotlarini uzilishlarsiz Oʻzbekistonga yetkazish kanali bilan taʼminlaydi, bu esa oʻz navbatida ikki mamlakatining yillik tovar aylanmasi koʻrsatkichlarini yangi sifat bosqichiga koʻtaradi», — taʼkidladi Veronika Nikishina.
Oʻz navbatida, Dmitriy Murev Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida “RJD Logistika” muntazam xizmatini tashkil etishning ulkan salohiyati borasida toʻhtaldi. Temir yoʻl transporti vositasi avtotransport vositalariga nisbatan ishonchli va ekologik toza yetkazib berish usuli sifatida rivojlanmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, ixtisoslashtirilgan harakatdagi sostav hatto tashish uchun eng nozik hisoblangan yuklarning ham butligini kafolatlaydi. Rossiyadan Oʻzbekistonga va yana ortga samarali doimiy logistika tarmogʻini tashkil etish ikki mamlakat oʻrtasida tovar aylanmasi koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga imkoniyat yaratadi. Oʻtgan 2020-yilda ushbu koʻrsatkich 2019-yilga nisbatan 15% dan koʻproq miqdorda oʻsgan edi.