Agroklasterda asal olish mavsumi boshlandi

    Agrosektor 3 Avgust 2021 1952

    Andijon viloyati Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterining asalarichilik tarmogʻida asal olish mavsumi boshlandi.

    Xususan, “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterining asalarichilik tarmogʻida bir asalari oilasidan 15-18 kilogrammdan asal olishga erishilyapti. Asal olish ishlari shu kungacha agroklasterning 5, 22, 30 va 34 boʻlimlarida olib borilgan boʻlib, jami 1 tonna 800 kilogramm salmoqli asal olishga erishildi.

    -Asalari parvarishida ob-havo ham muhim rol oʻynaydi, -deydi qishloq xoʻjaligi klasterining asalarichilik tarmogʻi mutaxassisi Avazbek Qurbonov.

    –Bu yilgi ob-havo ham asalarichilik tarmogʻimiz uchun qulay keldi. Har bir asalari oilasidan 15-18 kilogrammdan asal olishga erishyapmiz.

    Maʼlumki asalarichilik serdaromad soha. Bir kilogramm hush taʼm, toza va tabiiy asal 60 ming soʻmdan 100 ming soʻmgacha sotilishini hisobga olsak ushbu tarmoqdan olinajak daromad bir mavsumning oʻzida qariyb 160 million va undan ham oshishi mumkin.

    Bugun paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterining keng dala maydonlarida, gʻoʻza shonalaridan tabiiy nektar va gulchang yigʻib, qulay shart-sharoitlarda parvarishlangan asalarilar muddatidan erta asal yigʻishga kirishdi. Natijada asal olish mavsumida belgilangan reja asosida asal olishga erishilyapti.

    Eʼtiborlisi, asalarichilik tarmogʻi nafaqat qishloq xoʻjaligi klasteri tizimida mehnat qilayotgan ishchi xodimlarning daromadini yana-da oshiryapti, balki yurtimiz bozorlarida hush taʼm, toza va tabiiy asal mahsulotining yana-da arzon boʻlishiga hissa qoʻshyapti.

    Maʼlumot uchun mazkur agroklaster maʼmuriyati tomonidan joriy yil boshidan asalarichilik tarmogʻi tashkil etilgan boʻlib, Ukraina davlatidan olib kelingan “Karpat” zotiga mansub asalarining 120 dona qutiga joylangan 240 ta oilasi klasterning 12 ta boʻlimida parvarishlashga kirishilgan edi. Ayni damda birinchi asal olish mavsumi uyushqoqlik bilan olib borilyapti.

    Ilhomjon Tojiboyev, “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi Paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri matbuot xizmati xodimi.