Agroklasterning yangi asalarichilik tarmogʻi

    Agrosektor 16 Iyun 2021 4729

    Andijon viloyati, Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri maʼmuriyati tomonidan asalarichilik tarmogʻi tashkil etildi.

    “Karpat” zotiga mansub asalarining 120 dona qutiga joylangan 240 ta oilasi olib kelinib, qishloq xoʻjalik klasterining 34 ta boʻlimiga parvarishlash uchun tarqatildi.

    — Qishloq xoʻjalik klasterida asalarichilik tarmogʻini yoʻlga qoʻyishda asalarining “Karpat” zotidan foydalandik, — deydi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterining asalarichilik tarmogʻi mutaxassisi Avazbek Qurbonov. — Bu turdagi asalarining asosiy jihati erta yoshdan nektar va gulchang yigʻishga kirishuvchanligi boʻlib, tarkibida shakar miqdori kam boʻlgan nektarni ham yaxshi oʻzlashtiradi va bizning moʻtadil iqlimga toʻla moslashgandir.

    Asalarichilik serdaromad soha hisoblanadi. Mazkur klaster tizimi mehnatkashlari tomonidan parvarishlanayotgan asalaridan minimal koʻrsatkichda yaʼni, har bir asalari oilasidan 10 kilogrammdan asal olinganida ham mavjud 240 ta oiladan ikki tonna toʻrt yuz kilogramm asal olishga erishiladi. Asal mahsulotining bozorlardagi narxiga nisbatan ancha arzon yaʼni bir kilogramm asalni 50 yoki 60 ming soʻmdan sotuvga olib chiqilganda ham moddiy daromad qariyb 120 million yoki 144 milliondan ham oshishi mumkin. Qolaversa, asalaridan bir yilda ikki marotaba asal olinishini inobatga olsak mazkur daromad bundan ham oshishi mumkin.

    Oʻz oʻrnida tashkil etilgan asalarichilik tarmogʻi nafaqat qishloq xoʻjaligi klasteri tizimida mehnat qilayotgan ishchi xodimlarning daromadini yana-da oshiradi, balki yurtimiz bozorlarida xushtaʼm, toza va tabiiy asal mahsulotining yana-da arzon boʻlishiga hissa qoʻshadi.

    Ayni paytda qishloq xoʻjalik klasterining mavjud boʻlimlari tasarrufidagi barcha dala shiyponlarida asalari parvarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, klaster aʼzolari tomonidan asalari parvarishlash ishlari koʻngildagidek olib borilmoqda.

    Ilhomjon TOJIBOYEV,

    Andijon viloyati, Boʻston tumanidagi paxta

    toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri

    matbuot xizmati xodimi.