Mazkur tizim O'zbekiston qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo'llab-quvvatlash hamda sohada bevosita yoki bilvosita faoliyat yuritayotgan insonlarga ko'mak berish maqsadida yaratilgan birinchi agroportal hisoblanadi. U 2017 yildan buyon foydalanuvchilarga bepul onlayn xizmatlar ko'rsatib kelmoqda. Loyihaga Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning O'zbekistondagi koordinatori ofisi, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va “John Deere” kompaniyasi bilan hamkorlikda asos solingan.

 Ayni paytda agroportalda qishloq xo'jaligi sohasiga oid eng so'nggi va tezkor xabarlarni o'qib borish, soha mutaxassislaridan bepul maslahat olish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarining eng yirik elektron savdo maydonchasida bepul e'lon berish, respublika kesimida qishloq xo'jaligi mahsulotlarining haftalik narx-navosi bilan tanishish kabi xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Malakali mutaxassislardan bepul maslahatlar 

“AgroMart” — milliy va xalqaro tajribaga ega yuqori malakali konsul`tant va ekspertlar, iqtidorli IT-mutaxassislar, ishiga fidoyi menejerlardan iborat loyiha guruhi bo'lib, unda agrar sohaning ­13 ta yo'nalishi bo'yicha 9 nafar mutaxassis ish olib boradi. Ularning orasida germaniyalik ekspert ham bor. Foydalanuvchilar  agronomiya, polizchilik, bog'dorchilik, uzumchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, veterinariya, qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti va huquqi hamda sohaga oid boshqa masalalardagi onlayn savollariga mutaxassislardan tezkor va to'liq javob olishlari mumkin.   

— Ayni paytda maslahatchilarimizga kelib tushayotgan savollarning aksariyati mavsumiy agrotexnik tadbirlar bilan bog'liq, — dedi loyiha menejeri Nig'matjon Anvarov. — Ayniqsa, noqulay ob-havo sharoiti tufayli ba'zi ekinlarni sovuq urishining oldini olish, ofatlarni ­bartaraf etish bilan bog'liq chora-tadbirlar bo'yicha mutaxassislarimiz dehqon va fermerlarga kunu tun o'z maslahatlarini berib boryapti. Tahlillarga ko'ra, portalda bir oyda o'rtacha 300 dan ortiq onlayn maslahat berilyapti. Mutaxassislarning tezkor ma'lumot va tavsiyalari  ishni yo'lga qo'yishda qo'l kel­yapti. Bizning asosiy maqsadimiz ham qish­loq xo'jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan insonlarning muammolarini vaqt va mablag' sarflamasdan hal etishlariga ko'maklashishdan iborat. “AgroMart” ­jamoasi 2020 yilda dehqon va fermerlar faoliyatini yanada osonlashtiradigan qator raqamli xizmatlarni joriy etishni maqsad qilgan.

Onlayn portalning “Foydali ma'lumotlar” bo'limida mutaxassislarning ilmiy ishlari bilan tanishish orqali noyob amaliy va nazariy bilimlarga ega bo'lish imkoniyati ham yaratilgan.

Agromart.uz — qulay va samarali savdo maydonchasi

 “AgroMart” portali yurtimizda qishloq xo'jaligi bozorini shakllantirish, tayyor qishloq xo'jaligi mahsulotlari hamda xom­ashyosini sotishga ham samarali hissa qo'shib kelyapti. Bu erda kichik va yirik qish­loq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun yaratilgan savdo maydonchasi xaridor va hamkorlar bilan o'zaro aloqa o'rnatishga yordam bermoqda.

Onlayn tizimdan foydalanish oson va qulay. Unda ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi o'z mahsuloti e'lonini portalga bepul joylashtiradi.  e'lon moderator tomonidan tasdiqlangach, sayt (AgroMart.uz)ning savdo maydonchasida paydo bo'ladi. Unga dizayner maxsus shablon tayyorlaydi. SHundan so'ng e'lon “AgroMart”ning @uzagromart telegram tarmog'i va boshqa barcha ijtimoiy tarmoqlarida targ'ib qilinadi. Bu orqali xaridorlar mahsulot egasi bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanishlari mumkin.

Savdo maydonchasi mahalliy va xorijlik mutaxassislar tomonidan kuzatib boriladi. Ayni paytda portaldan qishloq xo'jaligiga tegishli barcha turdagi mahsulotlar — qishloq xo'jaligi texnikasidan tortib, tayyor dala mahsulotlari hamda tirik hayvonlargacha topish mumkin. Mutaxassislar viloyatlar kesimidagi 60 dan ortiq qishloq xo'jaligi mahsulotining haftalik ulgurji narx-navolarini muntazam yangilab boradi.

Hozirgi pandemiya sharoitida ham “AgroMart” loyihasi faollari dehqon va fermerlarni qo'llab-quvvatlash, malakali mutaxassislar tomonidan yanada qo'proq ma'lumotlarni taqdim etish, dolzarb savollarga javob berish, zarur va foydali bilimlarni ulashish maqsadida portalda onlayn vebinarlar seriyasini tashkillashtirgan. Unda ishtirokchilar etuk mutaxassislar, xalqaro tajribaga ega ekspertlarning qishloq xo'jaligi sohasidagi dolzarb mavzulardagi ma'ruzalarini tinglab, o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga jonli muloqot tarzida javob olmoqda.