Agrosanoatda Italiya bilan hamkorlikning muhim yoʻnalishlari

    2022-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tovar aylanmasi 25,3 million dollarni tashkil etdi.

    Bu esa 2018-yildagiga nisbatan qariyb 2,2 barobar koʻp.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi agrooziq-ovqat mahsulotlari savdosini tahlil qildi.

    Italiya Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati orasida Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksportida 11-oʻrinni, importida esa 8-oʻrinni egallaydi.

    Italiya biznesining Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi muttasil ortib bormoqda. 2020-yilda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va sanoat yoʻli bilan qayta ishlash hamda eksport qilish boʻyicha “BMB Trade Group” (Oʻzbekiston) va “FIN.OPERA s.r.l.” (Italiya) kompaniyalari oʻrtasida imzolangan memorandum doirasida zaʼfaron mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va uni eksport qilish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etildi. 2021-yilning iyul oyida Italiyaga Oʻzbekiston eksportchilari uchun yangi boʻlgan 15 million yevrolik zaʼfaron tovarining birinchi partiyasi joʻnatildi.

    2022-yilda Italiyadan (Breshia shahri) Oʻzbekistonga 16 million dona zaʼfaron piyozboshlari keltirildi. Hozirgi vaqtda plantatsiya 305 gektardan ortiq maydonni egallaydi va 40,4 million yevrogacha investitsiya kiritilgan. 400 ta doimiy va 4 mingdan ortiq mavsumiy ish oʻrinlari yaratildi.

    Xalqaro savdo markazi (ITC) hisob-kitoblariga koʻra, savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi darajasida Oʻzbekistondan Italiyaga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportida foydalanilmagan imkiniyatlar 5,2 million dollarni tashkil etadi.

    Ayni chogʻda ikki mamlakat rasmiy doiralari savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun foydalanilmayotgan ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqda. Bu esa boshqa sohalar qatori qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi aloqalarga ham yangi bir turtki beradi.