“Agroservis operator” davlat unitar korxonasini tashkil etildi

    Agrosektor 5 Aprel 2021 1692

    Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida “Agroservis operator” davlat unitar korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Intensiv texnologiyalarga asoslangan bogʻ va tokzorlarni, shuningdek, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, tayyorlash va saqlash infratuzilmasini aholi va tadbirkorlik subyektlariga “tayyor holda topshirishning” zamonaviy mexanizmlarini joriy etish orqali aholi bandligini taʼminlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida “Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

    Quyidagilar “Agroservis operator” DUKning asosiy vazifalari etib belgilandi:

    – bogʻdorchilik va uzumchilik xoʻjaliklarini, qishloq xoʻjaligi oziq- ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, tayyorlash va saqlash infratuzilmasini barqaror rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;

    – bogʻdorchilik va uzumchilik xoʻjaligida ilmiy yutuqlar, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;

    – raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetipggirish, qayta ishlash, tayyorlash va saqlash, shuningdek, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;

    – intensiv va resurstejamkor texnologiyalarga asoslangan bog va tokzorlar plantatsiyalarini, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, tayyorlash va saqlash infratuzilmasini barpo etishga ilgʻor tajribaga ega salohiyatli va moliyaviy barqaror pudratchi tashkilotlarni belgilangan tartibda jalb etish;

    – Jahon banki tomonidan belgilangan tartib asosida bogʻ va tokzorlar plantatsiyalarini bosqichma-bosqich barpo etish hamda ularni tayyor holda aholi va tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatga, boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilish;

    – bogʻdorchilik va uzumchilik xoʻjaliklari faoliyatini hamda qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, tayyorlash va saqlash infratuzilmasini tashkil etishda aholi va tadbirkorlik subyektlariga shartnoma asosida agrotexnik hamda boshqa xizmatlar koʻrsatish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Agroservis operator” DUKning muassisi hisoblanadi;

    “Agroservis operator” DUKning faoliyati Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    “Agroservis operator” DUK tomonidan barpo etilgan bogʻ va tokzorlarni aholi va tadbirkorlik subyektlariga realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar yangi bogʻlar va tokzorlar maydonini kengaytirish va agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek, bogʻdorchilik va uzumchilik xoʻjaliklari salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar uchun yoʻnaltiriladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Agroservis operator” DUK tomonidan yangi bogʻ va tokzorlar barpo etishga qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan ochiq yer maydonlari, zaxirada turgan hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz hamda iqtisodiy jihatdan samarasiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan yer maydonlari ajratilishini taʼminlaydi.