Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Mavluda Nizomova AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Mamlakatimizda 10-maydan 10-iyunga qadar “Farovon oila sari” oyligi eʼlon qilindi. Oylik doirasida Xalqaro oila kuni (15-may) munosabati bilan qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash yuzasidan takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha 40 nafar vazirlik va idoralar vakillaridan iborat komissiya tuzilgan.
Hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan mazkur koʻkrak nishoniga qariyb 5 ming 500 ta oilalarning hujjatlari tavsiya etildi.
Talabgor oilalar soni oʻtgan yilga nisbatan 8,8 baravarga ortdi. Ushbu nomzod oilalar 40 nafardan ortiq faollar, nufuzli ekspertlardan iborat ishchi guruh tomonidan oʻrganilib 2000 mingta oila koʻkrak nishoniga munosib oila sifatida saralab olindi.
Bu yil yangi yondashuvlar asosida vazirlik va idoralardan ham nomzodlar tavsiya etish soʻralib, ular tomonidan tavsiya etilgan 77 ta oila ham ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi belgilandi.
15-may – Xalqaro oila kuni arafasidagi tantanalarda ushbu oilalarga “Ibratli oila” koʻkrak nishoni va pul mukofotlari topshiriladi, ular yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga faxrli belgi oʻrnatiladi.
Shu bilan birga, mahallalarda 4 milliondan ortiq xotin-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga jalb qilish ishlari davom ettiriladi. “Sogʻlom oila uchun birlashaylik!” sport marafoni, “Sport sayli” kabi ommaviy jismoniy faollik tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur oylik doirasida eng muhim tadbirlardan biri sifatida 15-may kuni respublikaning barcha tuman va shahar markazlaridagi istirohat bogʻlarida “Ibratli oila” koʻkrak nishoni sohibalari, ahil oilalar hamda yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “Oilalar sayli” — Oilafest tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, tadbirlar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va jamiyatda oila institutining nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.