Xususan, koʻp millatli jamiyatlarda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy barqarorlik – taraqqiyotning eng muhim ustunlaridan biridir. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Oʻzbekiston – koʻp millatli ahil oila” gʻoyasi bugungi kunda nafaqat mafkuraviy, balki amaliy hayotiy mezon darajasiga koʻtarildi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi ham ushbu ezgu gʻoyani oʻz faoliyatining asosi sifatida qabul qilib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik, tinchlik, totuvlik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlashga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda universitetimizda oʻn oltidan ortiq millat va elat vakillari tahsil olmoqda. Unda qoraqalpoq, oʻzbek, rus, qozoq, tojik, tatar, koreys va boshqa millat vakillari birgalikda ilm-fan, taʼlim, sport va madaniyat sohalarida faoliyat yuritmoqda. Universitetimizda yaratilgan madaniyatlararo muloqot muhitining ijobiy samarasini talabalarning erkin fikrlashi, ochiq muloqoti va doʻstona munosabatlarida ham yaqqol koʻrish mumkin. Universitetda barcha millat vakillariga teng sharoit yaratilgan boʻlib, taʼlim qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Bu esa turli millat vakillari oʻrtasida bilim olishda tenglik va qulaylikni taʼminlab, umumiy maqsad sari birgalikda harakat qilishga zamin yaratmoqda.
Universitetimizda millatlararo hamjihatlikni taʼminlash maqsadida “Millatlararo totuvlik, hamjihatlik va xalqlar doʻstligi”, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz”, “Biz bir oila farzandlarimiz”, “Oʻzbekiston – koʻp millatli ahil oila”, “Doʻstlik kuni” kabi tadbirlar muntazam oʻtkaziladi. Shu orqali turli millatlarning madaniy merosini oʻzaro tanishtirish va targʻib etish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, universitetdagi talabalar teatri studiyalari, “Hurliman” xalq ansambli va ijodiy guruhlar faoliyatida turli millatlarning raqs, qoʻshiq va anʼanalari aks etgan sahna koʻrinishlari namoyish etiladi.
Bundan tashqari, universitetimizda har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “Xalqlar doʻstligi” festivali barcha millat va elat vakillarining oʻziga xos madaniyatini bir sahnada jamlab, talaba-yoshlar orasida chinakam doʻstlik va bagʻrikenglik ruhini mustahkamlamoqda. Bu yil “Oʻzbekiston – koʻp millatli ahil oila” shiori ostida oʻtkazilgan xalqlar doʻstligi festivalida respublikamizdagi milliy-madaniy markazlar, universitetning professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar bilan birga, Namangan davlat texnika universiteti va Urganch davlat universiteti delegatsiyalari ham ishtirok etib, tadbir miqyosining kengligini koʻrsatdi. Bu holat yurtimiz boʻylab yoshlar va ziyolilar oʻrtasida millatlararo doʻstlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston taraqqiyotining asosi, bu – barqarorlik, tinchlik va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik ekanini taʼkidladi. Bunday muhitda yashayotgan har bir inson oʻz salohiyatini toʻla namoyon etib, jamiyatda faol ishtirok etadi, ertangi kunga ishonch bilan qaraydi. Festivalning eng yorqin va esda qolarli qismi, albatta, yoshlar ishtirokida boʻlib oʻtdi. Universitet talabalari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, teatr asarlari, milliy qoʻshiqlar va raqslar orqali ular doʻstlik, tinchlik va hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni yuksak mahorat bilan ifodaladi. Qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, rus, turkman va boshqa millat vakillaridan iborat talaba-yoshlar yagona oiladek birlashib, oʻz madaniyatlari, til va urf-odatlarini koʻrsatib berdi. Bu sahnalar orqali ular nafaqat sanʼat namunalarini namoyish qildi, balki mustaqil Oʻzbekistonning asosiy boyligi – millatlararo totuvlik ekanini amalda isbotladi. Festival talaba-yoshlar qalbida vatanparvarlik, insonparvarlik, oʻzaro hurmat va birdamlik tuygʻularini kuchaytirish, turli millat vakillarining bir-biriga boʻlgan ishonchini mustahkamlashday ulkan maqsad koʻzlangan edi.
Biz ham iyun oyida Namangan davlat texnika universiteti taklifiga binoan 64-Xalqaro gullar festivalida ishtirok etdik. Mamlakatimizda va xorijda yashaydigan turli millat vakillarining madaniy hamkorligi va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan nufuzli tadbir ishtirokchilari orasida Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi oʻrni ham alohida oʻrin ahamiyatga kasb etdi.
Festival davomida universitetimizning iqtidorli talabalari, xususan, “Hurliman” xalq ansambli aʼzolari turli millatlarning xalq kuy-qoʻshiqlari, raqs sanʼati namunalarini ijro etdi. Milliy liboslarni namoyish qilib olqishlarga sazovor boʻldi. Tadbir mehmonlari uchun unutilmas lahzalarni taqdim etgan bu chiqishlar millatlararo totuvlik va hamjihatlik gʻoyasining amaliy ifodasi boʻldi.
Shu bilan birga, ushbu tashrif madaniy-ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bu borada ikki universitet oʻrtasida talabalar almashinuvi, qoʻshma konsertlar, ilmiy-maʼrifiy uchrashuv va loyihalar tashkil etish rejalashtirildi.
Bunday tadbirlar orqali Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imiji ham shakllanib boradi. Zero, vatanimizda 130 dan ortiq millat va elatlar vakillari bir maqsad yoʻlida yashab mehnat qilmoqda. Har bir millatning madaniy merosi, anʼana va qadriyatlariga hurmat bilan qarash, ularni asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Festival doirasida mehmon delegatsiyalar bilan hamkorlik aloqalari ham mustahkamlandi. Zero, “Oʻzbekiston – koʻp millatli ahil oila” festivali yoshlarni ezgu gʻoyalarga yetaklovchi, yurtdoshlarimiz oʻrtasidagi ishonch, mehr va hamjihatlikni mustahkamlovchi muhim omildir. Shu bois, har bir yurtdoshimiz oʻzini mamlakatmizning teng huquqli va hurmatga loyiq aʼzosi ekanini yurakdan his etib yashayapti. Shunday yurtda yashash – baxt, shunday zaminda tahsil olish – sharafdir.
Universitet rahbariyati talabalarning yashash sharoiti, taʼlim olishi va ijtimoiy muhofazasini doim nazorat qiladi. Turli millat vakili boʻlgan talabalarning ahilligini yanada mustahkamlash uchun universitet yotoqxonalarida “Biz bir oila farzandlarimiz” shiori ostida maʼnaviy tadbirlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, universitetimizda faoliyat yuritayotgan yuzdan ortiq tyutorlar tomonidan har bir guruhda millatlararo totuvlik, vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Haftaning juma kunlari esa “Maʼnaviyat soati” doirasida muloqotlar tashkil etiladi. Bu muloqotlar orqali talabalarda ijtimoiy faollik, millatlararo bagʻrikenglik, madaniy xilma-xillikka nisbatan hurmat tuygʻusi shakllantirilmoqda. Haqiqatdan ham “Oʻzbekiston — koʻp millatli ahil oila” gʻoyasi bugun shunchaki, shior emas balki har bir yurtdoshimizning hayot tarziga aylangan. Universitetimizda olib borilayotgan ishlar bu gʻoyaning nechogʻlik hayotiy va zamonaviy ekanini tasdiqlaydi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi ushbu gʻoyaning hayotiy va amaliy ifodasini mustahkamlashda, yoshlarni millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashda, bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirishda doim oldingi safda boʻlishga intiladi.
Ishonamizki, har bir yurtdoshimiz, har bir talaba-yosh bu yurtni oʻzining yagona Vatani deb bilib, millati va dinidan qatʼi nazar, ona Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etadi. Chunki biz koʻp millatli, mustahkam, ahil va fidoyi Oʻzbekiston oilasimiz.
Axmed REYMOV,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat
universiteti rektori, akademik









