Aholini ish bilan taʼminlash haqida soʻz borganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari yetakchi kuchga aylanayotganini alohida taʼkidlash joiz. Negaki, yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanib, faoliyatini tobora rivojlantirayotgan tadbirkorlar safi yildan yilga kengaymoqda. Eʼtiborlisi, ishbilarmonlarning asosiy qismi 14-30 yosh atrofida boʻlib, koʻpchiligi xorijda ishlab kelgan va hozirgi kunda oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyganlar.

Navoiyda ham aholi bandligini taʼminlash dolzarb masalalardan. Viloyatda hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 3,6 ming yigit-qizning biznes loyihasiga 92,9 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, ishsiz va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi 125 fuqaroga 573,7 million soʻm subsidiya berildi. Ayniqsa, xorijdan qaytib kelgan va “Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi asosida biznesini yoʻlga qoʻygan yurtdoshlarimiz uchun qator qulayliklar yaratilgan. Ularga samarali mehnat qilishi va faoliyatini yanada kengaytirishi uchun imtiyozli bank kreditlari ajratilyapti.

Navoiy shahridagi Yangihayot mahallasida yashovchi Zebiniso Xoʻjayeva uzoq yillar Janubiy Koreyada ishladi. Yurtga qaytgach, istiqbolli loyihasini amalga oshirish maqsadida mahalladagi hokim yordamchisiga murojaat qildi. Uning tashabbusi mutasaddilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va Zebiniso tikuvchilik korxonasini ochib, hududdagi bir guruh ishsiz xotin-qizning bandligini taʼminladi.

— Tadbirkorlik faoliyatimni yoʻlga qoʻyish asosiy maqsadlarimdan biri edi va loyihamni amalga oshirish uchun biznes rejamni xorijda ekanimdayoq tuzib qoʻygandim. Toʻgʻrisi, tadbirkorlikni boshlashdan avval biroz choʻchidim, hujjatlar tayyorlash uchun rosa chopsam kerak, deb oʻylagandim. Ammo mahallamizdagi hokim yordamchisiga murojaat qilganimda menga zarur koʻmak berdi, imtiyozli kredit ajratilishiga yordamlashdi. Asosan, bolalar kiyimi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Faoliyatimiz barqaror davom etmoqda va daromadi ham yaxshi, — deydi yosh tadbirkor Zebiniso Xoʻjayeva.

Navbahor tumanining Navkar mahallasida yashovchi 21 yoshli Ahror Maxamatqulovga mutasaddilar suv filtrlash uskunasi xarid qilishi uchun 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratilishiga yordam koʻrsatdi. Hozir u aholiga ekologik toza suv yetkazib berish bilan band.

Tumanda Ahror kabi ishbilarmon yoshlar koʻp. Sarbozor mahallasida yashovchi Oʻtkir Sanoqulov hokim yordamchisi koʻmagi bilan bankdan imtiyozli kredit olib, nonvoylikni boshladi. Hozir moʻjazgina nonvoyxonasida oilasi bilan mehnat qilib, daromad topmoqda.

Bashorat Umarova xorijda sartaroshlik sirlarini oʻrgangan. Oʻzi yashaydigan Sarbozor mahallasida faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davom ettirishni maqsad qilgandi. U faqat sartaroshlik bilan cheklanib qolmay, bankdan imtiyozli kredit olib, yoshlar uchun sport klubi ham tashkil etdi va oila aʼzolarining bandligini taʼminladi. Bu hali hammasi emas. U biznesini kengaytirish boʻyicha katta orzular bilan yashayapti.

— Xorijdan qaytganimda tadbirkorlik faoliyatimni boshlash uchun biznes rejam tayyor edi. Faqat mablagʻ yetarli boʻlmagani uchun mahallamizdagi hokim yordamchisidan koʻmak soʻradim va bankdan kredit olib ish boshladim. Hozir yoshlar uchun sport klubi ochganman. Bu yerda mahallamiz yoshlari maza qilib sport bilan shugʻullanmoqda. Yana bir necha tadbirkorlik turlarini boshlash arafasidamiz, - deydi Bashorat Umarova.

Bugun olis hududlarda yashovchi xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash juda dolzarb. Oila boshligʻi bilan birgalikda ayolning ham ishli boʻlishi, albatta, oila farovonligiga xizmat qiladi. Ayniqsa, Navoiy viloyatining olis hududlarida buning qadri yanada baland.

Uchquduq tumanida ham bu borada namunali ishlar amalga oshirilyapti. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan amaliy yordam tufayli ular muayyan ishga va maoshga ega boʻlmoqda.

Tumanda 30 yoshdan oshgan ayollarning har biri bilan muloqot qilinib, 421 xotin-qiz 6 ta toifaga ajratildi. Ularning 122 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz boʻlsa, 21 nafari kredit olish istagini bildirgan. Shuningdek, boquvchisini yoʻqotgan 135 nafar xotin-qiz, ijtimoiy yordamga muhtoj va nogironligi boʻlgan 74 nafar ayol hamda qaramogʻida nogiron bolasi bor 65 ona aniqlangan. Ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatilib, qoʻllab-quvvatlanyapti.

— Tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga bosqichma-bosqich manzilli yordam koʻrsatilmoqda. Yaqinda 30 nafar ishsiz ayolni mahalliy korxonalarga ishga joylashtirib, bandligini taʼminladik. 62 nafariga subsidiya asosida turli mehnat jihozlari olib berildi va ular oʻz-oʻzini ish bilan band qildi. 21 nafariga bankdan kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun koʻmaklashildi. Boquvchisini yoʻqotgan 135 xotin-qiz, ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi boʻlgan 74 ayol hamda qaramogʻida nogiron bolasi bor 65 onaning har biriga 1 million 200 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi. Shuninggdek, 8 ayolning uy-joyi taʼmirlab berildi. Bu kabi amaliy ishlar davom etyapti, — deydi Uchquduq tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi mutaxassisi Yulduz Normamatova.

Ana shu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida tikuvchilikka qiziquvchi koʻplab ayollarga tikuv mashinalari olib berilishi opa-singillarimizning oʻz-oʻzini band etishiga xizmat qilmoqda.

Uchquduq Qizilqum bagʻrida joylashgan. Hududda chorvachilik yaxshi rivojlangan. Ovullarda tuyachilik bilan mashgʻullar talaygina. Tuya sutidan qimron tayyorlash esa nafaqat ular kundalik turmush tarzining bir boʻlagi, balki daromad manbaiga ham aylangan. Zero, ming dardga davo tuya sutini ichish uchun mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelishadi. Baxtigul Izteleuova ham shu ish ortidan daromad topmoqda.

— Bir necha tuyamiz bor. Ularning suti juda ham shifobaxsh va uni ichish uchun turli hududlardan keluvchilar talaygina. Shu tufayli olis choʻl hududida yashasak-da, daromadimiz yaxshi. Farzandlarimizning taʼlim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Kim qayerda yashashidan qatʼi nazar, mehnat qilsa, kam boʻlmaydi, — deydi Baxtigul Izteleuova.

Ha, moddiy va maʼnaviy ragʻbat, ruhiy qoʻllab-quvvatlash, imkoniyatlar yaratish, ishonch bildirish orqali xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish muhim. Navoiylik xotin-qizlar ham bugunidan rozi, hayoti farovon, koʻngli xotirjam va ertasiga ishonchi katta.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbeksiton” muxbiri.