Aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga gaz etkazib beriladi

    Agrosektor 18 Oktabr 2023 2162

    Qishloq xo‘jaligi Energetika vazirligi bilan hamkorlikda kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlarini boshladi.

    Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligida qator mutasaddi tashkilotlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda issiqxona xo'jaliklari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi.

    Videokonferentsaloqa shaklida bo'lib o'tgan tadbirda asosiy fokus tadbirkorlik subyekti vakillarini kuz-qish mavsumida faoliyatlarini qo'llab-quvvatlash hamda muvofiqlashtirish masalalariga qaratildi.

    Ma'lum qilindiki, Qishloq xo'jaligi energetika vazirligi bilan hamkorlikda kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxona xo'jaliklariga tabiiy gaz etkazib berish bo'yicha shartnoma tuzish ishlarini boshladi.

    Bu borada dastlabki shartnomalar imzolangan va o'zaro kelishuvga muvofiq, tadbirklorlar shartnoma shartlariga amal qilishlari belgilandi.

    Yig'ilishda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar qishloq xo'jaligi boshqarmalari, “Hududgazta'minot” AJ mas'ullari hamda issiqxona yurituvchi tadbirkorlar vakillari ishtirok etishdi.

    Ta'kidlab o'tildiki, gazning tadbirkorlik subyekti vakillariga etkazish tannarxi 1 kubi uchun 1.500 so'mni tashkil qiladi. Tadbirkor raqamli o'lchov hisoblagich, zahira yoqilg'i hamda oldindan bo'nak to'lovini amalga oshirishi, uning issiqxonasida zangori olovning yonishiga zamin yaratadi.

    Bu ishlarni muvofiqlashtirish uchun Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligida xizmatlar ko'rsatish agentligi qoshida doimiy ishlaydigan Call-markazi tashkil etildi. 1342 raqami ishga tushirildi.

    Bundan tashqari agentlik issiqxona xo'jaligi vakillariga maslahat-konsalting xizmatini ko'rsatishi va urug'lik hamda ko'chatlarni etkazib berish bo'yicha ishlarni koordinatsiya qilib borishi belgilandi.