Aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik tugʻdiradigan qurilishlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi

    Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahalla fuqarolar yigʻinidagi futbol maydoni va yashil hudud oʻrnida bino qurilishi rejalashtirilgani haqidagi xabarlar keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab boʻldi.

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi deputatlari ushbu masalaga tezkor eʼtibor qaratib, muammo joyiga chiqib oʻrganildi.

    Oʻrganish davomida mazkur hududdagi 30 sotix yer Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan shahar zaxira fondiga kiritilgani, shunga koʻra yashil hudud va futbol maydoni joylashgan yer kimoshdi savdosi orqali tadbirkorga sotilgani, tadbirkor u yerda koʻp qavatli bino qurmoqchi ekani aniqlandi. Fuqarolar yashil hudud va stadion joylashgan yerni shahar zaxira fondiga olish toʻgʻrisidagi hokim qarorini bekor qilish toʻgʻrisida sud organlariga murojaat qilishgan, biroq barcha sud instansiyalarida hokim qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.

    Masalaning boshqa tomoni shundaki, qurilish moʻljallangan stadion 7 ming nafar aholi istiqomat qiladigan mahallada yagona hisoblanadi. Yer kodeksi 64-moddasiga muvofiq, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, bogʻlar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar) aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari hisoblanadi hamda umumiy foydalanishdagi yerlarda bu yer qaysi maqsadga xizmat qilsa, faqat shunga mos keladigan imorat va inshootlar qurishga ruxsat beriladi. Qolaversa, Prezidentning 30.12.2021 yildagi PF-46-son farmoni bilan daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yoʻq qilish toʻgʻrisida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangan. Ushbu hududda esa koʻplab daraxtlar mavjud.

    Yuqoridagilarga asosan, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi koʻp qavatli uylar, aholi yashash punktlari yaqinida aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik keltiradigan qurilishlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaydi va aholi noroziligiga sabab boʻlayotgan Toshkent shahar hokimligining ushbu qarorini qayta koʻrib chiqish va yoshlarning ommaviy sport bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratish lozim deb hisoblaydi. Bu borada partiya Toshkent shahar hokimligiga oʻz nuqtai nazarini bayon etish yuzasidan deputatlik soʻrovi yuboradi.

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi

    matbuot xizmati