"Nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol boʻldilar, nimaga ular islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlamoqdalar?
Chunki Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va koʻchalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrayaptilar", - dedi Prezident.
Birgina misol, oʻtgan yildan boshlab “Ochiq byudjet” tizimi joriy etilgani qishloq va mahallardagi oddiy-oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy taʼsir koʻrsatganini hammamiz koʻrib, bilib turibmiz.
Lekin odamlarimizning oʻsib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan koʻra ikki karra koʻp ishlarni bajarishimiz kerak.
Mamlakatimizda kambagʻallik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish boʻyicha katta ish olib borilmoqda.
Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yoʻlga qoʻyilib, salmoqli natijalarga erishildi.
"Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlamoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz koʻp.
Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan koʻp narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarur.
Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani.
Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, soliq maʼmurchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi.
Hukumatga 1-avgustga qadar davlat oʻziga olgan har bir yangi majburiyat boʻyicha ularning mablagʻlari, ijro mexanizmlari, bu masalada masʼul vazirlik va hokimliklar aniq koʻrsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.