Aholi koʻtargan 12 mingta masalani ham hal qilishni oʻz ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi

    Hukumat 11 Oktabr 2022 1851

    Mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi koʻtargan 12 mingta masalani ham hal qilishni oʻz ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi.

    Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yoʻllar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz taʼminoti, bogʻcha, maktab va sport obyektlari, obodonlashtirish, sugʻorish, koʻchalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga 1,7 trillion soʻm yoʻnaltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion soʻm ajratilishi taʼkidlandi.

    Joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).

    Bu borada, Fargʻona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol boʻldi.

    Ovoz berish yakunlariga koʻra, 1 418 ta loyiha gʻolib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.

    Prezident “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini taʼkidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 364 ta loyiha uchun qoʻshimcha 335 milliard soʻm ajratishga koʻrsatma berildi.

    200 dan ortiq aholi qoʻllab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.